Prezident 2026-yil boshidan beri tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlarni sanab o‘tdi
Joriy yilda kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar qilindi. Soliq siyosatida QQSga o‘tish chegarasi oshirildi, kafe va restoranlarga 100 mlrd so‘m keshbek qaytarildi, QQSning nol stavkasi hisobiga 400 mlrd so‘m fermerlar hisobida qoldi. Shuningdek, tashqi savdoni erkinlashtirish va transport-logistika sohasida qator yangiliklar bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda joriy yil boshidan buyon tadbirkorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar va iqtisodiy yutuqlarni sanab o‘tdi.
Davlat rahbari, avvalo, dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sganini ta’kidladi. Fitch va Moody’s agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi. Shavkat Mirziyoyev bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini qayd etdi.
Joriy yilda kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi. "Milliy sanoat zanjiri" orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtmalar oldi. Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qildi, bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS keshbek sifatida qaytarildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nol stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarda qoldi.
Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilindi. Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan yuzlab mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.
Prezident iqtisodiyot o‘sishiga katta turtki beradigan yirik loyihalar amalga oshirilayotganini ham qayd etdi. Bularga Jizzaxda atom elektr stansiyasi, Olmaliqda to‘rtinchi mis boyitish fabrikasi, "Toshkent – Samarqand" va "Toshkent – Andijon" zamonaviy avtomobil yo‘llari kiradi. Xorazmda ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.
Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.
Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkaga tushiriladi. Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.
Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda "Enterprise Uzbekistan" xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.

