Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorjа Meloniga maktub yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga maktub yubordi
Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni Italiya bosh vaziri Jorja Meloniga maktub yo‘lladi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, maktubda davlat rahbari Jorja Melonini Italiya Vazirlar Kengashi raisi lavozimida shu vaqtga qadar eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbari sifatida tarix sahifalaridan munosib joy olgani bilan tabrikladi.
U hozirgi o‘ta murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi va xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori hamda nufuzini yanada mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Italiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
Prezident Italiya hukumati rahbarining O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.
Jorja Meloni 2022-yil 22-oktyabrdan buyon Italiya Vazirlar Kengashi raisi lavozimida ishlab kelmoqda. U Italiya tarixidagi birinchi rais ayoldir. Meloni 2025-yilning mayida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. 2026-yil yanvarida Shavkat Mirziyoyev Toshkentda to‘txab o‘tgan Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston—Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqqandi.

