Dunyo

Sharoiti ogʻir hududlarda yashash miya salomatligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin – tadqiqot

Sharoiti ogʻir hududlarda yashash miya salomatligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin – tadqiqot

Iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli ogʻir hududlarda yashash miya salomatligiga zarar yetkazishi mumkin: eng nochor joylarda yashovchilarning miyasi tezroq “qarashi”, uning umumiy hajmi kichikroq boʻlishi va qon tomirlaridagi shikastlanishlar koʻproq uchrashi aniqlangan.

Shimoliy Amerika Radiologiya jamiyatining Radiology jurnalida eʼlon qilingan yangi tadqiqot odamlar yashaydigan hudud ularning miyasida iz qoldirishi mumkinligini koʻrsatdi.

Tadqiqotchilar 18—96 yosh oraligʻidagi qariyb 3000 nafar bemorning bosh miya MRT tasvirlarini tahlil qildi. Natijalar hududlararo qashshoqlik indeksi (Area Deprivation Index, ADI) bilan taqqoslandi. Ushbu indeks daromad, taʼlim, bandlik va uy-joy sharoitlariga qarab hududlardagi vaziyatni baholaydi.

Maʼlum boʻlishicha, eng nochor hududlar aholisi miyasining yoshi kattaroq, hajmi esa boy hududlarda yashovchilarnikiga nisbatan kichikroq boʻladi.

“ Siz yashaydigan joy miyangizda oʻz izini qoldiradi”, dedi tadqiqot mualliflaridan biri Jon-Pol J. Yu. Uning aytishicha, insonni oʻrab turgan muhit miyaning yoshi va bilvosita miya salomatligiga taʼsir qiluvchi omillardan biridir.

Olingan maʼlumotlar odamlarning tugʻilib-oʻsgan, yashaydigan, ishlaydigan va keksayadigan sharoitlari ularning uzoq muddatli nevrologik salomatligiga taʼsir qilishi haqidagi dalillarga yana bir qoʻshimcha boʻldi.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng noqulay hududlarda yashovchilarning miyasida oq moddadagi giperintensiv oʻchoqlar hajmi kattaroq ekanini aniqladi. Bu MRT tasvirlarida yaqqol koʻrinadigan va miyaning mayda qon tomirlari shikastlanishi bilan bogʻliq boʻlgan sohalardir.

“ Oq moddadagi giperintensiv oʻchoqlar, aslida, miyadagi yurak-qon tomir shikastlanishlarining izi”, dedi Yu.

U yuqori qon bosimi, yomon uyqu va surunkali stress kabi omillar vaqt oʻtishi bilan miyada qon aylanishini buzishi mumkinligini taʼkidladi.

Shu sababli, sogʻliqni saqlash choralari va davlat siyosatini ishlab chiqishda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan noqulayligini ham inobatga olish kerak, degan xulosaga keldi Yu.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.