Shakira noyabrda Bishkekda konsert berishi mumkin

Shakira noyabrda Bishkekda konsert berishi mumkin
Kolumbiyalik xonanda Shakira noyabr oyida Bishkekda konsert berishi mumkin. Qirg‘iziston vakillari va qo‘shiqchining jamoasi yulduz tashrifining shartlari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shouning aniq sanasi hozircha belgilanmagan, deb xabar beradi 24.kg.
Xonandani kutib olish rejalari haqida respublika prezidenti ish boshqaruvchisi Qanibek Tumanboyev ma’lum qildi. U o‘z sahifasida qo‘shiqchi ishtirokidagi videoni joylashtirib, “Shakira! Tez kunda Bishkek Arenada! Kutyapsizmi?”, deb yozgan.
Konsert uchun 51 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan yangi “Bishkek Arena” stadioni tanlangan. Obyekt 31-avgust kuni ochilgan va u VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimiga mezbonlik qilgan.
Tashkilotchilar hozircha chiptalar narxi va sotuvlar boshlanish sanasini oshkor qilmayapti. Shakiraning rasmiy sayti afishasida ham Bishkekdagi konsert qayd etilmagan.

