Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga noqonuniy aralashganlar 132 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin
O‘zbekistonda bunday qilmishni birinchi marta sodir etganlik uchun jarima yoki 15 sutkagacha qamoq, takroran sodir etilganida esa kattaroq jarima yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkinligi belgilandi.

Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga noqonuniy aralashganlar 132 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin
O‘zbekistonda shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik joriy etildi.
Prezident tomonidan 2-noyabrda imzolangan qonun bilan Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda vakolatli organ hamda xulosa beruvchilarga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga o‘z mansab vakolatlaridan foydalangan holda qonunga xilof ravishda aralashish, ya’ni har qanday shaklda ta’sir ko‘rsatish, bosim o‘tkazish yoki to‘sqinlik qilish BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha, ya’ni 44 mln so‘mdan 66 mln so‘mgacha jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga olib keladi.
Agar bunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazolardan biri tayinlanadi:
BHMning 300 baravarigacha, ya’ni 132 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish
360 soatgacha majburiy jamoat ishlari
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari
1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash
2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Qonun bilan O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ham javobgarlik choralari belgilandi. Xususan, suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari tomonidan maishiy gaz ballonlarida berish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1 mln 320 ming so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.

