Seuldagi Mishlen yulduziga ega restoran chumolilardan bezak sifatida foydalangani uchun jarimaga tortildi
Mashhur muassasa egasi qamoq jazosidan qutilib qoldi, biroq u 15 million von (£8,144; $10,965) miqdorida jarima toʻlashga majbur qilindi.

Mishlen yulduziga ega Seul restorani chumolilardan garnir sifatida foydalangani uchun jarimaga tortildi
Chumolilarning aksariyati AQShdan, baʼzilari esa Tailanddan keltirilgan
Ikki Mishlen yulduziga ega Seul restorani desertlarda chumolilardan garnir sifatida foydalangani uchun jarimaga tortildi.
Mahalliy OAV xabarlariga koʻra, Janubiy Koreya poytaxtidagi Evett restorani egasi Oziq-ovqat sanitariyasi toʻgʻrisidagi qonunni buzgani uchun 15 million von (8 144 funt sterling; 10 965 dollar), restoranni boshqaruvchi kompaniya esa 10 million von jarimaga tortilgan.
Chumolilar Janubiy Koreyada inson isteʼmoli uchun ruxsat etilgan 10 ta hasharot turi qatoriga kirmaydi. Ruxsat etilgan roʻyxatdan chigirtkalar, chigirtkasimonlar va baʼzi ipak qurtlari joy olgan.
Prokurorlar restoran egasi uchun bir yillik qamoq jazosi va 20 million von jarima soʻragan edi, biroq sudya ayblanuvchining oʻz aybiga iqror boʻlganini va muqaddam sudlanmaganini hisobga oldi.
Shu bilan birga, sudya oziq-ovqat standartlari buzilganidan tashqari, chumolilarda oʻtkazilgan testlar ruxsat etilgan meʼyordan yuqori boʻlgan ogʻir metallarni aniqlaganini, bu esa «aybning yengil emasligini» anglatishini aytgan.
Restoran egasi chumolilar boshqa joylarda isteʼmol qilinishi sababli, Janubiy Koreyada ularni taomga qoʻshib tortiq qilish taqiqlanganidan bexabar boʻlganini bildirgan.
Ularning Evett restoranida sorbetlar ustiga sepiladigan garnir sifatida ishlatilishi Oziq-ovqat va dori-darmonlar xavfsizligi vazirligi tomonidan fotosuratlar ilova qilingan onlayn sharhlar topilganidan keyin maʼlum boʻldi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, restoran egasi deyarli toʻrt yil davomida ayrim taomlarga «nordon taʼm» berish uchun uch-besh donadan chumoli sepib kelgan, bu esa garnir sifatida ishlatilgan taxminan 49 000 ta chumolini tashkil etadi.
Chumolilarning aksariyati AQShdan import qilingan, baʼzilari esa Tailanddan keltirilgan, deydi vazirlik.
Restoran egasi ular restoranning 15 taomdan iborat menyusining «kichik bir qismida» ishlatilganini va mijozlarga chumolisiz muqobil garnirni tanlash imkoniyati borligi aytilganini taʼkidladi.
Chumolilar bir qancha Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi madaniyatlarida isteʼmol qilinadi va baʼzan noyob delikates sifatida qadrlanadi. Toʻquvchi chumolilar va ularning tuxumlari Tailand va Kambodja oshxonasida ishlatiladi, Kolumbiyada esa malika chumolilar xuddi ikra kabi yuqori baholanadi.
Mishlen yoʻriqnomasi ikki yulduzli restoranni «aʼlo darajada taom tayyorlaydigan» va «borib koʻrishga arziydigan» joy sifatida taʼriflaydi.

