Sergey Bezrukov Oʻzbekistonda ikki yil avval berilgan «Doʻstlik» ordenini oldi

Sergey Bezrukov Oʻzbekistonda ikki yil avval berilgan «Doʻstlik» ordenini qabul qilib oldi
Rossiyalik aktyor Sergey Bezrukov Oʻzbekiston prezidenti tomonidan ikki yil avval berilgan «Doʻstlik» ordeni topshirilganini maʼlum qildi. U ushbu mukofot bilan faxrlanishini va hamkorlik boʻyicha qoʻshma rejalar hayotga tatbiq etilishiga umid qilishini taʼkidladi.
«2022 yil kuzida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev meni «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan edi. Bugun, oradan ikki yil oʻtib, menga ushbu goʻzal orden topshirilganidan juda xursandman va u bilan faxrlanaman», – deb yozdi aktyor oʻzining Telegram-kanalida.
Ushbu mukofot Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, shuningdek, madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirgani uchun berilgan. Aktyor Oʻzbekistondagi gastrol safarlarini, mehmondoʻstlikni va tomoshabinlar bilan uchrashuvlarni iliqlik bilan eslashini taʼkidladi.
«Shuni qoʻshimcha qilmoqchimanki, Oʻzbekistondagi barcha gastrollarni, mehmondoʻstlikni, ajoyib tomoshabinlarni, ruhan va dunyoqarashi jihatidan menga juda yaqin boʻlgan insonlar bilan uchrashuvlarni juda iliq tuygʻular bilan eslayman», – deya qoʻshimcha qildi Bezrukov.
Bundan avval, Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida aktyor Toshkentda rus shoiri Sergey Yeseninga haykal oʻrnatish rejalari haqida gapirgan edi. Keyinchalik «Rossotrudnichestvo»ning respublikadagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya haykal tayyor ekanini, vakolatxona esa uni yetkazib berish boʻyicha logistika masalalarini hal qilishi va Oʻzbekiston poytaxtidagi joyni uzil-kesil kelishib olishi kerakligini aniqlashtirgan edi.

