Serbiya Oʻzbekistonga ballistik raketalar boʻyicha hamkorlikni taklif qildi
Serbiya Oʻzbekiston bilan mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofali ballistik raketalar yoʻnalishida hamkorlik qilishga tayyor. Shuningdek, tomonlar yetti-sakkiz oy ichida Toshkent — Belgrad toʻgʻridan-toʻgʻri aviareysini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda, Oʻzbekiston esa Serbiya poytaxtida alohida diplomatik vakolatxonasini ochadi.

Serbiya Oʻzbekistonga ballistik raketalar boʻyicha hamkorlikni taklif qildi
Serbiya mudofaa sanoati, jumladan, uzoq masofali ballistik raketalar yoʻnalishida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi. Bu haqda 8 sentyabr kuni Belgradda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Serbiya biznes-forumida Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich maʼlum qildi.
Vuchich ikki tomonlama munosabatlar «zamonaviy tarixdagi eng yuqori darajada» ekanini taʼkidladi.
«Bugun biz Serbiya va Oʻzbekiston oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida tarixiy qaror qabul qildik. Bu shunchaki yangi maqom emas, balki ishonch, oʻzaro hurmat va umumiy kelajak foydasiga qilingan ongli tanlovdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning soʻzlariga koʻra, endi tomonlar strategik sheriklikni aniq loyihalar — investitsiyalar, ish oʻrinlari yaratish, savdo hajmini oshirish va hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari bilan toʻldirishlari zarur.
Aleksandr Vuchich Oʻzbekiston-Serbiya biznes-forumida Belgrad va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareys yaqin yetti-sakkiz oy ichida yoʻlga qoʻyilishi mumkinligini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, muntazam qatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi ishbilarmonlik aloqalari, turizm va ikki davlat fuqarolari oʻrtasidagi muloqotlarni rivojlantirishga yordam berishi kerak.
Shavkat Mirziyoyev ham toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni tezlashtirish boʻyicha topshiriq berganini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston prezidenti toʻlaqonli elchixona ochilishini kutmasdan, Belgradda mamlakatning alohida diplomatik vakolatxonasini ochishga qaror qilganini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, kelasi haftadayoq Serbiyaga oʻzbekistonlik diplomatlar yuboriladi. Ularning vazifalaridan biri Serbiya kompaniyalariga Oʻzbekistondagi sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishda koʻmaklashishdan iborat boʻladi.
Biznes-forumda Aleksandr Vuchich mudofaa sanoatida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Serbiya taxminan bir yildan keyin uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda va bu yoʻnalishda Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. Vuchich Serbiya allaqachon qisqa masofali raketalarni ishlab chiqarayotgani va bir qator davlatlardan texnologiyalar transferini qabul qilayotganini qayd etdi.
«Bir yildan keyin biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada ham siz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu Serbiyadagi odamlarga juda kamdan-kam hollarda aytadigan yangiligimizdir, ammo bu bizning texnologik, mazmuniy va sanoat sohasidagi taraqqiyotimizdan dalolat beradi. Mutaxassislarimiz allaqachon koʻp narsaga erishishdi va ishonamanki, aytganimdek, bir yildan keyin biz buni ham uddalay olamiz. Biz bu sohada oʻzbekistonlik birodarlarimiz va doʻstlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», — dedi Vuchich.
Tashrif davomida Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevga mamlakatning oliy davlat mukofoti — katta zanjirdagi Serbiya Respublikasi ordenini topshirdi. Serbiya prezidenti ushbu mukofot ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun berilganini taʼkidladi.

