Shavkat Mirziyoyev 7−8-sentabr rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘ladi
Shavkat Mirziyoyev 7−8-sentabr kunlari Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘ladi. Belgraddagi muzokaralar va biznes-forumda savdo, sanoat, AT va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhokama qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev 7−8-sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘ladi
Shavkat Mirziyoyev Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning taklifiga binoan 7−8-sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Tashrif dasturiga ko‘ra, Belgrad shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda ikki mamlakatning rasmiylari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes forumi tashkil etiladi.
Kutilayotgan uchrashuvlar kun tartibidan O‘zbekiston — Serbiya ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek transport, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tartibli mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.
Sammit yakunida hukumatlararo va idoralararo kelishuvlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga 2025-yil 28-oktabr kuni kelgandi.
Ikki davlat prezidentlari ishtirokidagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida Qo‘shma deklaratsiya imzolangan.
Turli sohalar, jumladan, Investitsiyalarni rag‘batlantirish, iqtisodiy hamkorlik, mehnat migratsiyasi bo‘yicha 10 dan ortiq hujjat qabul qilingan.

