Saudiya Arabistonidagi elchixona maslahatchisi Fargʻona hokimiga oʻrinbosar boʻldi
Islom Madaminov Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari - viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. U bunga qadar Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlagan.

Saudiya Arabistonidagi elchixona maslahatchisi Fargʻona hokimiga oʻrinbosar etib tayinlandi
Viloyat hokimligi bergan maʼlumotga koʻra, Islom Madaminov 1992-yilda Fargʻona shahrida tugʻilgan. U Fargʻona politexnika instituti, Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining Biznes va boshqaruv oliy maktabi hamda Latviyadagi ISMA menejment oliy maktabini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida u Fargʻona viloyati Turizmni rivojlantirish boshqarmasida bosh mutaxassis, Rishton tumani hokimining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Qirgʻizistondagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsiya menejeri - boshqarma boshligʻi sifatida faoliyat yuritgan.

