Saudiya Arabistoni Makkaga uchirilgan dronni urib tushirdi

Saudiya Arabistoni Makkaga yo‘naltirilgan dronni urib tushirdi
Saudiya Arabistoni Makka shahri tomon uchirilgan husiylar dronini yo‘q qildi.
Dron muqaddas shahar ustidagi taqiqlangan havo hududiga kirishidan oldin urib tushirilgan. Turki al-Malkining so‘zlariga ko‘ra, bu husiylarning 2017-yil iyulida ballistik raketa uchirganidan keyin Makkani nishonga olishga qilgan ikkinchi urinishi edi.
Harbiy koalitsiya vakili shaharning xavfsizligi “qizil chiziq” ekanini ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni 15-sentyabr kuni Makka bo‘yicha xavfsizlik ogohlantirishi bergan. Husiylarning siyosiy byurosi a’zosi Muhammad al-Farah shahar nishonga olinganini inkor etdi. Husiylar nazoratidagi SABA axborot agentligida chop etilgan bayonotda bu ayblov “mutlaqo yolg‘on” deb baholandi.
Husiylar so‘nggi hafta ichida Saudiya Arabistoniga bir nechta yirik hujumlar uyushtirganini bildirgan. Ularning aytishicha, bu zarbalar Yamanga qilingan havo hujumlariga javoban amalga oshirilgan. 14-sentyabr kuni Saudiya Arabistonidagi havo bazasi nishonga olingan. Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya vakillariga ko‘ra, ushbu hujumda 13 nafar tinch aholi vakili jarohat olgan.
Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlar olti oylik AQSH–Eron urushi sabab beqarorlashgan global energetika bozorlariga ta’sir ko‘rsatdi. Avval Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish sezilarli darajada kamaygan. Tinch davrda bu bo‘g‘ozdan har kuni dunyo neftining qariyb 20 foizi o‘tkazilgan.
Hormuzdagi vaziyat tufayli Saudiya Arabistoni neft eksporti uchun muqobil dengiz yo‘li sifatida Bob al-Mandab bo‘g‘ozidan foydalanmoqda. Biroq Yaman husiylari so‘nggi kunlarda Qizil dengiz sohilining ayrim qismlarini, jumladan dunyodagi eng muhim kema qatnov yo‘llaridan biri bo‘lgan Bob al-Mandab bo‘g‘oziga qaragan hududlarni o‘z nazoratiga olgan. Bu Saudiya Arabistonining neft eksportiga xavf tug‘dirmoqda.
10-sentyabr kuni Sharq-G‘arb neft quvuriga hujum qilingan. Ertasi kuni Saudiya Arabistoni ehtiyot chorasi sifatida quvur faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Obyektga hujum qilgan dronlar Iroqdan uchirilgani aniqlangan. Holat yuzasidan Bag‘dod tekshiruv boshlagan va Eron bilan chegaradagi uchta o‘tish punktini yopgan.
Saudiya Arabistonining Fors ko‘rfazidagi neft konlarini Qizil dengiz bilan bog‘laydigan 1 200 kilometr uzunlikdagi Sharq-G‘arb quvuri qirollikning asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib kelgan. Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish esa qariyb yetti oy davom etgan urush sabab izdan chiqqan.

