Saudiya Arabistoni Facebook’dagi posti uchun oʻlim jazosiga hukm qilingan kishini afv etishga chaqirildi
Anojan Sivarasa Facebook’dagi sharhi orqali kufr keltirganlikda aybdor deb topilganidan keyin qatl etilish xavfi ostida qolmoqda.

Saudiya Arabistoni Facebook’dagi posti tufayli oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxsni afv etishga chaqirildi
Anojan Sivarasaning oilasi bir haftadan koʻproq vaqtdan beri undan xabar ololmadi
«Oʻgʻlim sodir etgan xatolar uchun rahm-shafqat soʻrayman. Iltimos, uni kechiring va bizga qaytaring».
Rasamanikkam Yogalakshmi koʻz yoshlari bilan toʻngʻich oʻgʻli Anojan Sivarasaning hayotini saqlab qolishni oʻtinib soʻradi. 24 yoshli mehnat muhojiri apellyatsiya sudi uni Facebook’dagi izohi orqali Islom dini va Muhammad paygʻambarni haqorat qilishda aybdor deb topganidan keyin Saudiya Arabistonida oʻlim jazosiga mahkum etildi.
Bu holat butun Shri-Lankada shokka sabab boʻldi, butun mamlakat boʻylab keng xavotir va fuqarolik jamiyatining petitsiyalariga turtki berdi. Bir nechta siyosiy partiyalar va davlat idoralari afv etilishiga erishish uchun diplomatik saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirdi.
Biroq oila 28 sentyabrdan beri uning ahvoli haqida hech qanday maʼlumot olmagan. Shri-Lanka hukumati oilaga diplomatik saʼy-harakatlar davom etayotgan bir paytda boshqa ommaviy bayonotlar bermaslikni aytgan.
Saudiya rasmiylari qatl etishning rasmiy sanasini eʼlon qilmagan va hukm qachon ijro etilishi mumkinligi hali ham nomaʼlum. Saudiya Arabistoni oilalarni yoki xorijiy elchixonalarni ogohlantirmasdan qatllarni amalga oshirish va qarindoshlariga faqat hukm ijro etilganidan keyin xabar berish tajribasiga ega.
Anojan Shri-Lankadagi hindular ziyorati paytida yuz bergan voqeadan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralar ortidan ayblangan edi. Iyun oyi oxirida yosh musulmon yigitning hindu ziyoratchilaridan keyin itni tepayotgani aks etgan video tarmoqda keng tarqalib, ijtimoiy tarmoqlarda diniy bahslarga sabab boʻlgan edi.
Muloqot paytida foydalanuvchilardan biri hindu xudosi haqida haqoratli izoh qoldirgan, bu esa Anojanni tamil tilida Muhammad paygʻambarga qaratilgan haqorat bilan javob berishga undagan.
Anojan izohni tezda oʻchirib tashlab, uzr soʻragan videosini joylashtirgan boʻlsa-da, undan skrinshot olinib, uning ish beruvchisi va Saudiya rasmiylari eʼtiboriga havola etilgan, bu esa uning iyul oyida hibsga olinishiga olib kelgan.
Keyinchalik uning shaxsiy qurilmalari musodara qilingan va Saudiya rasmiylari uning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini oʻchirib tashlagan.
«Saudiya Arabistonidagi odamlar bu masala haqida hech narsa bilishmasdi. Shri-Lankadagi shaxslar akam ishlaydigan kompaniyaga elektron xatlar yuborishgan.
Anojan ishlaydigan kompaniya Saudiya Arabistoni rasmiylarini xabardor qilgan va ular unga qarshi ish qoʻzgʻatishgan», deydi Hamsidan.
Anojan avvaliga Al-Ahsa jinoyat sudi tomonidan besh yillik qamoq jazosi va 3 million Saudiya riyoli (taxminan 0,8 million dollar; 0,6 million funt sterling) miqdorida jarimaga tortilgan edi. Shri-Lanka Tashqi ishlar vaziri Vijita Xeratning soʻzlariga koʻra, jazoni yengillashtirish boʻyicha uning nomidan berilgan apellyatsiya rad etilgan.
Ish 17 sentyabr kuni keskin tus oldi, oʻshanda Saudiya prokurorlari Anojanni mamlakatning kiberjinoyatchilik toʻgʻrisidagi qonuni boʻyicha emas, balki Shariat qonunlari boʻyicha sudlashni soʻrab apellyatsiya berishdi. Apellyatsiya sudi prokuraturaning iltimosini qabul qilib, jazoni oʻlim jazosiga oshirdi.
Shri-Lanka Tashqi ishlar vazirligi Anojanga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.
Uning oilasi 21 sentyabr kuni Prezident kotibiyatida Prezident Anura Kumara Dissanayake bilan uchrashdi. Prezident ularni hukumat uni umumiy afv etishga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishiga ishontirdi va diplomatik kanallarga Saudiya rasmiylari bilan aloqaga chiqishni topshirdi.
Bu ish turli din vakillari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Buddaviylikning yetakchi rahnamolari, Ramanna Nikaya va Amarapura Maha Nikayaning Mahanaka Terolari hindu diniy rahbarlari bilan birgalikda Prezident kotibiyatiga davlatning zudlik bilan aralashishini talab qilib memorandum taqdim etishdi.
Bundan tashqari, Shri-Lankaning toʻrt aʼzodan iborat huquqiy delegatsiyasi shu hafta Anojanning mahalliy himoyachilari bilan uchrashish uchun Saudiya Arabistoniga joʻnab ketmoqda.
«Saudiya Arabistonida Anojanning ishi bilan shugʻullanadigan ikkita yuridik firma bor. Biz u yerga ushbu ikki firma advokatlari bilan uchrashish, ishni muhokama qilish va keyin nima qilish mumkinligini rejalashtirish uchun ketyapmiz», dedi guruh aʼzolaridan biri, deputat Upul Kumarapperuma BBC Sinhala xizmatiga.
Shri-Lankada esa Anojan va uning oilasi oʻrtasidagi aloqa butunlay uzilgan.
«Akam ikki kundan beri qoʻngʻiroq qilmadi», dedi Hamsidan 28 sentyabr kuni. «Biz elchixonaga xabar berdik va rasmiylardan masalani oʻrganib, bizga maʼlumot berishni soʻradik. Ular tekshirishlarini aytishdi. Biz hali ham kutyapmiz, chunki hali javob olganimiz yoʻq».
Saudiya qamoqxonalarida oʻlim jazosiga hukm qilingan mahbuslar odatda shaxsiy mobil telefonlardan foydalanish huquqidan mahrum boʻlishadi, rasmiy qoʻngʻiroqlar esa qatʼiy ravishda qamoqxona maʼmuriyati orqali amalga oshiriladi.
Inson huquqlari tashkilotlari Saudiya Arabistonida tarmoqdagi chiqishlar uchun qattiq jazolar qoʻllanilishidan bir necha bor xavotir bildirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2023 yil iyul oyida nafaqadagi saudiyalik maktab oʻqituvchisi Muhammad Al-Gʻamdi bir nechta ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan izohlari uchun oʻlim jazosiga hukm qilingan edi.
«Ikkala anonim Twitter akkauntida jami bor-yoʻgʻi 10 ta kuzatuvchisi boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini bildirishdan boshqa hech narsada ayblanmayotgan Muhammad bin Nosir al-Gʻamdiga nisbatan chiqarilgan oʻlim hukmi beʼmanilikdir», degan edi oʻsha paytda Amnesty International tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha tadqiqot va targʻibot direktori Filip Lyuter.
Saudiya Arabistonida inson huquqlarini himoya qiluvchi va targʻib qiluvchi mustaqil nodavlat tashkilot — ALQST maʼlumotlariga koʻra, Al-Gʻamdining hukmi keyinchalik bekor qilingan va unga 30 yillik qamoq jazosi berilgan.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) maʼlumotlariga koʻra, Saudiya Arabistonida 10 milliondan ortiq xorijlik ishchi bor. Huquq himoyachilarining aytishicha, kam maosh oluvchi mehnat muhojirlari til toʻsiqlari va tegishli huquqiy himoyaning yoʻqligi sababli Saudiya huquq tizimida ayniqsa zaifdir.
Saudiya sudlari tomonidan giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar yoki qotillik uchun chiqariladigan hukmlar bilan solishtirganda, dahriylik (kufr) uchun qatl etish holatlari nisbatan kam uchraydi.

