Mahalliy

Sariosiyo—Termiz yo‘nalishidagi poyezddagi holat yuzasidan o‘rganish boshlandi

Sariosiyo—Termiz yo‘nalishidagi poyezdda yuzaga kelgan holat bo‘yicha tekshiruv boshlandi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezd vagonlarining yo‘laklarida odamlar tiqilib qolgani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Videoda vagon ichida sovitish tizimi ishlamayotgani, yo‘lovchilar orasida yoshi katta insonlar, shuningdek, yosh bolali va chaqaloqli ayollar borligi aytilgan.

Rasmiy munosabatda qayd etilishicha, Sariosiyo—Termiz yo‘nalishida qatnovni amalga oshirayotgan shaharlararo poyezd 4 ta yo‘lovchi vagonidan iborat. Chiptalar o‘rindiq raqami ko‘rsatilmagan holda, ya’ni joysiz sotiladi. Yo‘lovchilar amaldagi chipta asosida poyezdga chiqib, bo‘sh o‘rinlarga joylashadi. Har bir vagon 81 nafar yo‘lovchini o‘tirgan holda tashishga mo‘ljallangan. Dam olish va bayram kunlari yo‘lovchilar oqimining keskin ortishi sababli ayrim qatnovlarda gavjumlik kuzatilishi mumkin.

“Poyezd vagonlari yo‘lovchilar uchun zarur qulayliklar bilan ta’minlangan. Jumladan, yoz mavsumida sovitish, qish mavsumida esa isitish tizimlari uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yo‘lovchilarga yanada qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur choralar ko‘riladi”, deyiladi munosabatda.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati fuqarolarni tasdiqlanmagan yoki bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlarga emas, balki rasmiy axborot manbalariga tayanishga chaqirdi.

Bir necha kun avval Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov transport tizimidagi jiddiy muammolar, poyezdlar va vagonlardagi yomon sharoitlarni keskin tanqid qilgandi.

“Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor. Sariosiyoga qatnaydigan Termizdan shahar atrofi poyezdlariga odam tashib bo‘lmaydi uning ichida”, degan edi viloyat rahbari.

Hokim bu jarayonda transport prokuraturasi va mutasaddi idoralarning e’tiborsizligini keskin tanqid qilib, transport prokurorini holatga tomoshabin bo‘lib turmaslikka chaqirgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.