«Yuqorida tanishlarimiz bor»: gazga ulash uchun pul olgan shaxslarga ish ochildi
Namangan viloyatining Pop tumanida ikki xonadonga tabiiy gaz tarmogʻini tortib kelish va tegishli ruxsatnoma olib berishni vaʼda qilib, 2,1 ming dollar soʻragan ikki shaxs ushlandi. Ular pulning 1,9 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

«Yuqorida tanishlarimiz bor» deya gazga ulash uchun pul olgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Pop tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda «Pop tumangaz» operatori N.R. va avval sudlangan fuqaro P.Z. fuqarolar Z.Yu. va S.Yu.ning uylariga tabiiy gaz tarmogʻini tortib kelish hamda ruxsatnoma olib berishni vaʼda qilgani aniqlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, ular bu xizmatni goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berish evaziga 2 100 AQSH dollari talab qilishgan.
Ushbu summaning 200 dollari avval firibgarlik yoʻli bilan olingan. Tezkor tadbir davomida esa gumonlanuvchilar qolgan 1 900 dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida N.R. tomonidan avval olingan 200 dollar qaytarilgan va bu protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

