Samarqandlik mulozimlar sovun xaridida milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirib yubordi

Samarqand viloyatida sovun xarid qilishda 1,1 milliard soʻmlik byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlandi. Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining masʼul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmatining xabar berishicha, tekshiruv idoraning viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan. Gumonlanuvchilar 90 863 dona suyuq sovunni shishirilgan narxlarda sotib olganliklari aniqlangan.
Natijada byudjet mablagʻlari oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

