Samarqandda oʻsmirlar mashinani YPX xodimi ustiga haydadi va uni haqoratlab qochdi
Koʻp oʻtmay ular kamera qarshisida yigʻlab uzr soʻrashdi.

Samarqandda oʻsmirlar mashinani YPX xodimi tomon haydab, uni haqoratlab qochib ketdi
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida YPX xodimining qonuniy talabiga boʻysunmagan va uni haqorat qilgan texnikum oʻquvchilari aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir necha oʻsmir Malibu-2 rusumli avtomobilda Ishtixon tumani koʻchalarida harakatlanib, YPX xodimining toʻxtash haqidagi talabiga amal qilmagani, mashinani uning ustiga haydab borgani, shuningdek, xodimni haqoratlab, voqea joyidan qochib ketgani aks etgan.
Ular bu holatni oʻzlari videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan.
Oʻrganishlar jarayonida qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslar Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 2-sonli texnikum oʻquvchilari ekani maʼlum boʻlgan.
Ular mashinani 1,2 mln soʻmga ijaraga olgan va haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan holda rulga oʻtirgan.
Mazkur holat mashinani ijaraga bergan tadbirkor, bolalarning ota-onalari, tuman hokimi va huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilingan.
Samarqand viloyati YHXB matbuot xizmati eʼlon qilgan videoda oʻquvchilar koʻz yosh toʻkkan holda haqorat uchun YPX xodimidan uzr soʻragan.
Holat yuzasidan Ishtixon tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Toʻplangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

