Samarqand Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoniga aylandi
Samarqandda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Xalqaro demokratiya kuniga bag‘ishlangan tadbirda 16 mamlakatdan 200 nafarga yaqin ekspert ishtirok etdi.

Samarqand Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoniga aylandi
15-sentabr — Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan 2026-yil 17-sentabr kuni Samarqand shahrida “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi tashkil etildi.
Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan BMT hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, Progressiv islohotlar markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zNNTMA hamda O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Forum AQSh, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridagi aql markazlaridan kelgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizdagi jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin mutaxassisni bir joyga jamladi.
Har yili Xalqaro demokratiya kuni doirasida demokratiyaning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. 2026-yilda mazkur sana “Inson huquqlarini diqqat markaziga olib chiqish” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda.
Forumning aynan Samarqand shahrida tashkil etilgani ham alohida ramziy ma’noga ega. Asrlar davomida Samarqand Sharq va G‘arbni, turli xalqlar, madaniyatlar, dinlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib, bu zaminda taraqqiyot muloqot, o‘zaro hurmat, ilm-ma’rifat va hamkorlik bilan uyg‘un ravishda rivojlanib kelgan.
Xalqaro ekspertlar fikricha, bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, migratsiya jarayonlari, axborot makonida ishonchli axborotni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
Bunday vaziyatda demokratik taraqqiyotni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini ta’minlash, inson manfaatlarini ilgari surish, aholi fikrini davlat organlariga yetkazishda muhim o‘rin egallaydi.
Shu ma’noda, zamonaviy demokratik taraqqiyot davlat boshqaruvi organlarining ochiq va hisobdor faoliyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan chambarchas bog‘liq.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, inson manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasida muayyan tajribalar shakllandi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini mustahkamlash yuzasidan ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Xususan, “yashil” energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslardan oqilona foydalanish, Orolbo‘yidagi ekologik muammolar hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish O‘zbekiston mintaqaviy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir mamlakatda mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirish o‘ziga xos tarixiy, milliy va institutsional xususiyatlarga ega. Bu esa mintaqada o‘zaro tajriba almashish, umumiy yondashuvlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni keng tatbiq etish uchun muhim zamin yaratadi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini qiyosiy o‘rganish, demokratik taraqqiyotning umumiy tendensiyalarini aniqlash, mavjud masalalarni tahlil qilish va istiqbolli vazifalarni belgilash forum muhokamalarining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Ochilish marosimidan keyin forum o‘z ishini “Xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik: islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari”, “Inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli”, “Yangi O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda umumiy taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik drayveri” mavzulariga bag‘ishlangan uchta parallel tadbirda davom ettirdi.
Sessiyalar davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar va NNTlar tarmoqlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqada fuqarolik jamiyati institutlari uchun doimiy muloqot platformalarini rivojlantirish, ijtimoiy innovatsiyalar hamda samarali NNT amaliyotlarini ommalashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, Qozog‘istonning “Yermensay” jamoat birlashmasi rahbari Lyudmila Sengirbayeva mamlakatida mahalliy ijtimoiy muammolarni hal etishda “davlat — fuqarolik jamiyati — mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish” uch bosqichli modeli shakllanganini ma’lum qildi.
Unda asosiy yondashuv an’anaviy ma’muriy boshqaruvdan fuqarolar va NNTlarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etuvchi ishtirokchi boshqaruvga o‘tishga qaratilganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, bu hamkorlik Fuqarolik forumi, vazirlik va hokimliklar huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda jamoatchilik nazorati instituti orqali amalga oshiriladi. Jamoatchilik kengashlari tarkibining kamida 70 foizini jamoatchilik vakillari tashkil etishi fuqarolar ovozini qarorlarga olib kirishga xizmat qiladi.
Tojikistonning “Iqtidor” jamoatchilik tashkiloti boshqaruv Kengashi a’zosi Nodira Rahmonberdiyeva jamoatchilik monitoringini davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida e’tirof etdi. Xususan, jamoatchilik monitoringi davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida muammoni aniqlashdan tortib ma’lumot to‘plash, faktni tekshirish, tahlil, tavsiya, davlat bilan muloqot va tavsiyalar ijrosini qayta kuzatishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab olishi kerakligi haqidagi fikrni ilgari surdi.
Tadbirda qatnashgan xorijlik ekspertlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdilar.
Forum global miqyosda demokratik institutlar oldida yangi chaqiriqlar yuzaga kelayotgan bir paytda Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilindi.

