Dunyoning 183 mamlakatidan yosh parlamentariylar Samarqandga kelmoqda
4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan xalqaro anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Dunyoning 183 mamlakatidan yosh parlamentariylar Samarqandga tashrif buyurmoqda.
Konferensiya Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq hamkorligida tashkil etiladi. Unda 183 mamlakat, 15 xalqaro tashkilot vakillari hamda 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchi qatnashadi.
Tadbir doirasida oltita sessiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning ishtiroki” mavzusida maxsus ochiq sessiya ham bo‘lib o‘tadi.
So‘nggi yillarda mamlakat parlament diplomatiyasini tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirib, xorijiy parlamentlar va xalqaro parlament tashkilotlari bilan aloqalarni kengaytirib bormoqda.
Konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro parlamentlararo muloqotdagi faolligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, yosh parlamentariylarning xalqaro muloqot maydonida birlashtirilishi dolzarb masalalarni yangi avlod vakillari nuqtayi nazaridan muhokama qilish imkonini yaratadi. Inson huquqlari, adolat, barqaror rivojlanish va parlamentlarning jamiyat oldidagi masʼuliyati kabi mavzular konferensiyaning asosiy kun tartibini tashkil etadi.

