Salvador prezidenti Gaitida topshirilgan jasadlar garovga olinganlarniki emasligini aytdi
Nayib Bukele oʻtgan haftada oʻgʻirlab ketilgan salvadorliklarni qidirish ishlari fonida askarlarga topshirilgan jasadlar "bizning odamlar emas"ligini aytdi.

Salvador prezidenti Gaitida topilgan jasadlar garovga olinganlarga tegishli emasligini aytdi
Nayib Bukele Gaitidagi Salvador kuchlariga topshirilgan jasadlar "bizning odamlar emas"ligini bildirdi.
Salvadorlik garovdagilarni qaytarib olish uchun Gaitiga yuborilgan maxsus kuchlarga topshirilgan toʻrtta jasad "bizning odamlar emas", dedi Salvador prezidenti.
Nayib Bukelening aytishicha, nohukumat tashkilotlaridan biri Gaiti aeroportlaridan biriga odam qoldiqlarini olib kelib, ular toʻrt nafar salvadorlik aviatsiya texniki ekanini daʼvo qilgan, biroq jasadlardan biri bolaniki boʻlgan, boshqasi esa oʻzga mamlakat harbiy formasini kiyib olgan edi.
Payshanba kuni toʻrt nafar erkak "tish-tishigacha qurollangan jinoiy guruhlar"ning pistirmasiga duch kelib yoʻqolganidan keyin, u yuzlab harbiylardan iborat ekani aytilgan harbiy kontingentni yuborgan edi.
Garovga olinganlar BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan, Gaitida tobora kuchayib borayotgan toʻdalar zoʻravonligiga qarshi kurashish uchun moʻljallangan Toʻdalarni bostirish kuchlari (GSF) tarkibida boʻlgan.
Erkaklar zirhli mashinada oʻz lagerlariga qaytayotganda, Karib dengizidagi orol-davlatning Krua-de-Buke nomi bilan tanilgan va qurolli guruhlar nazoratida boʻlgan hududida hujumga uchragan. Hozircha hech bir toʻda masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgani yoʻq.
Bukele avvalroq Salvadorning Gaitidagi harbiy operatsiyasidan yagona maqsad — toʻrt kishini sogʻ-omon qaytarish ekanini aytgan edi. Gaitining Le Nouvelliste gazetasiga koʻra, hozirgacha 450 ga yaqin askar joylashtirilgan.
Bukele missiya tomonidan qabul qilingan jasadlar orasida "bizning aviatsiya texniklarimizga qaraganda ancha baland boʻyli" erkakning jasadi, "bizniki boʻlmagan armiya formasining bir qismini kiyib olgan" shaxs borligini, shuningdek, qoldiqlar orasida boshqa mamlakatlarning shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalari va formalari ham boʻlganini aytdi.
U GSF aʼzosining guvohnomasi va Afrikadagi Chad davlatining unga mos keluvchi milliy ID-kartasi tasvirlangan fotosuratlarni joylashtirdi.
Bukelening bayonotlari New York Times gazetasining avvalgi xabariga shubha uygʻotdi. Unda Salvador missiyasiga yaqin manbalarga tayanib, shanba kuni Gaiti poytaxti Port-o-Prens chekkasida topilgan jasadlar bedarak yoʻqolganlarniki ekani taxmin qilinayotgani aytilgan edi.
Gazetaning yozishicha, harbiy kontingentga topshirilgan jasadlar qattiq kuygan, shuning uchun ularning shaxsini aniqlash uchun tibbiy ekspertiza talab qilinadi.
Manbalardan birining soʻzlariga tayanib xabar berilishicha, Bukele joylashtirgan ID-karta aslida yaralanganda uni yoʻqotib qoʻygan askarga tegishli boʻlgan.
Gaiti yillar davomida toʻdalar zoʻravonligidan aziyat chekib kelmoqda, ammo 2021 yilda prezident oʻldirilganidan keyin yuzaga kelgan siyosiy boʻshliqda inqiroz yanada chuqurlashdi.
Zoʻravonlikni jilovlash va qurolli toʻdalarni chekintirish uchun yuborilgan koʻpmillatli kuchlar ularning nazoratidagi hududlarga kirishga qiynalmoqda.
BMT oktyabr boshida joriy yilning 1 yanvaridan 11 sentyabrigacha boʻlgan davrda 5 700 dan ortiq kishi toʻdalar tomonidan yoki ularga qarshi operatsiyalarda oʻldirilgani yoki yaralanganini maʼlum qildi.
Bukelening aytishicha, GSFning toʻrt nafar aʼzosi u yerda asosan "urush olib borish uchun emas, balki tibbiy evakuatsiyalarni amalga oshirish va odamlar hayotini saqlab qalish" uchun boʻlgan.
Ular asirga olinganda, vertolyotlar safarbar etilgan va voqea joyiga yetib borish uchun bir necha bor urinishlar qilingan, ammo bu harakatlarga hududdagi otishmalar xalaqit bergan, xabar qildi Salvador qurolli kuchlari.

