Gaitida jinoiy to‘dalar hujumi oqibatida 47 kishi halok bo‘ldi

Gaitida jinoiy guruhlar tomonidan uyushtirilgan hujum natijasida 47 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ma’lumotlariga ko‘ra, Gaiti poytaxti Port-o-Prins yaqinidagi mahallada jinoiy to‘dalar tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumda kamida 47 kishi halok bo‘lgan va 22 kishi jarohatlangan. Bu voqea aholi orasida ketma-ket sodir bo‘layotgan qonli hujumlardan norozilikni kuchaytirdi.
BMTning Gaitidagi integratsiyalashgan idorasi qurbonlar soni hali o‘zgarishi mumkinligini bildirdi. Tog‘li Kenskoff mahallasi poytaxtga olib boruvchi asosiy yo‘llar ustida joylashgan bo‘lib, 2025-yildan beri qurollangan to‘dalar bu hududga o‘nlab marta hujum qilgan. Natijada minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Bir necha yildan buyon Gaitida keng koalitsiyaga birlashgan qudratli to‘dalar o‘z ta’sirini o‘tkazib kelmoqda. Xorijiy davlatlar mahalliy politsiyani kuchaytirishga urinayotgan bo‘lsa-da, jinoiy guruhlar poytaxt va unga tutash hududlardagi nazoratini kengaytirishda davom etmoqda.
Gaitining RNDDH inson huquqlari tashkiloti xabariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 22:30 atrofida boshlangan hujumda 30 dan 40 nafargacha odam halok bo‘lgan va 15 dan 20 nafargacha kishi yaralangan. Tashkilot qurbonlarning aniq sonini hisoblash qiyinligini ta’kidladi.
Gaiti hukumati ushbu harakatni vahshiyona hujum deb atadi va xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berdi. Biroq, aholi politsiya bo‘limidan bir necha daqiqalik masofada odamlar o‘ldirilganini aytib, mahalliy politsiya boshlig‘ining iste’fosini talab qildi.
Bosh vazir idorasi ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozdi: “Kenskoff qarovsiz qolmaydi. Hukumat vakolatlari va tartib hech qanday ikkilanishsiz hamda kechiktirishlarsiz tiklanadi”.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yil boshida Kenskoffda ikki oy davom etgan hujumlarda 260 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 200 ta uy vayron qilingan yoki yoqib yuborilgan. Natijada 3000 kishi uyini tashlab qochishga majbur bo‘lgan.
Shundan beri yana o‘nlab hujumlar sodir bo‘ldi. Ular orasida nomusga tegish, odam o‘g‘irlash, uylarga o‘t qo‘yish va chorva mollarini o‘g‘irlash holatlari bor.
“Mening oilam jabrlandi. Kenskoff aholisi azob chekmoqda, buning uchun hukumat aybdor”, dedi qonli choyshabga o‘ralgan qarindoshi murdasi yonida turgan Koriolan Kendi.
Yana bir mahalliy rezident bosh vazirdan yordam so‘radi.
“Biz kamsitishlar ichida yashayapmiz va ular biz uchun hech narsa qilmayapti”, dedi u.
Aholining aytishicha, tunda o‘nlab politsiyachilar qurollangan to‘daga qarshilik ko‘rsatishga uringan va ba’zilari yaralangan. Shuningdek, ular halok bo‘lganlar orasida to‘da a’zolarini ko‘rmaganini qo‘shimcha qilishdi.
Kenskoff hududi bir nechta elchixonalar, qimmatbaho mehmonxonalar va hukumatning vaqtinchalik qarorgohi joylashgan Petion-Vil shaharchasiga hamda poytaxtdan Gaiti janubiga olib boruvchi asosiy yo‘lga tutashgan.
Bu zo‘ravonliklar dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlarga xalaqit berishi mumkin degan xavotirlarni kuchaytirmoqda. Qurollangan to‘dalar o‘z ta’sirini oshirgani sababli ketma-ket kelgan hukumatlar saylovlarni bir necha bor ortga surgan edi.
Politsiyaga jinoiy to‘dalarga qarshi kurashishda yordam beruvchi BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlar kuzda harbiylar sonini 5500 nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Ularning matbuot kotibi qo‘shinlar Kenskoff xavfsizligini kuchaytirish uchun yuborilgani yoki yuborilmagani haqidagi savollarga javob bermadi.
Avvalroq Gaitidagi jinoiy to‘dalarning yarmini bolalar tashkil etishi haqida xabar berilgandi. 2025-yilda jinoiy guruhlarga qo‘shilgan bolalar soni 200 foizga oshgan. Topshiriqqa qarab ularga 100 dollardan 700 dollargacha haq to‘lanayotgani aniqlangan.

