Saida Mirziyoyeva va Qatar amiri istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar

Saida Mirziyoyeva va Qatar amiri istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri ikki mamlakat oʻrtasidagi istiqboldagi hamkorlik masalalari boʻldi.
Uchrashuv avvalida PA rahbari amirga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. U Toshkent va Doha oʻrtasidagi munosabatlar samimiy va ishonchli xususiyatga ega ekani hamda soʻnggi yillarda izchil mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.
Tomonlar allaqachon shakllangan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Oʻzbekiston-Qatar hamkorligining navbatdagi bosqichiga aylanishi mumkin boʻlgan yangi qoʻshma tashabbuslar va istiqbolli loyihalar haqida soʻz bordi.
Muzokaralar ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar faollashgan bir paytda boʻlib oʻtdi. Iyul oyida Oʻzbekiston va Qatar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish, shuningdek, energetika, logistika, turizm va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada faol rivojlantirishga kelishib olgan edi.

