Saida Mirziyoyeva Qatar amiri bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Doha shahrida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Ular ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik va yangi qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva Qatar amiri bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Dohaga safari chog‘ida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.
“Unga prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdim”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.
“O‘zbekiston va Qatarni do‘stona hamda yuksak ishonchga asoslangan rishtalar bog‘lab turadi, bu hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Muloqot chog‘ida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalarini muhokama qildik. Shubhasiz, mamlakatlarimiz o‘rtasida mushtarak manfaatlar hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Gazeta avvalroq Doha shahrida Prezident Administratsiyasi rahbari O‘zbekistonning madaniy merosi va uning shakllanishida islomning o‘rniga bag‘ishlangan “Uzbekistan: Heritage in Motion” ko‘rgazmasining ochilishida qatnashgani haqida xabar bergan edi.
Bu Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyining (Museum of Islamic Art) qo‘shma loyihasidir.

