Sadir Japarov “xalq dushmanlari”ni qattiq jazolashni buyurdi

Sadir Japarov "xalq dushmanlari"ga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni buyurdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 29-avgust kuni Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlari sammiti va VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari davrida jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan kuch tuzilmalarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Xavfsizlik" kompleks tadbiri doirasida idora xodimlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bormoqda. Kuch tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglagan Qirg‘iziston rahbari shaxsiy tarkib va texnikalarning tayyorligini tekshirdi. Shundan so‘ng u nutq so‘zlab, xalqaro tadbirlar vaqtida jamoat tartibini, shuningdek, fuqarolar va xorijiy mehmonlar xavfsizligini ta’minlash asosiy vazifa ekanini ta’kidladi.
Sadir Japarov kuch tuzilmalarini idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga, qat’iy intizomga rioya qilishga va odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda tartibni ta’minlashga chaqirdi.
"Qirg‘iziston – barchamiz uchun muqaddas vatan! Davlat xavfsizligi va xalqimizning tinch hayotini ta’minlash hammamiz uchun birdek muhim vazifadir", – deya ta’kidladi Qirg‘iziston yetakchisi.
Prezident, shuningdek, kuch tuzilmalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
"Taraqqiyotning birinchi va asosiy sharti – temir intizom! Turli tashqi destruktiv kuchlarning provokatsiyasiga uchib, ulardan mukofot olgan holda jamiyatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan o‘sha oz sonli "xalq dushmanlari"ni qattiq jazolaymiz. Bunday kishilarga rahm qilinmaydi!", – dedi Sadir Japarov.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda SHHT sammiti va VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 2026-yil avgust oxiri va sentyabr boshlarida bo‘lib o‘tadi. Xususan, VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 2026-yilning 31-avgustidan 6-sentyabrgacha o‘tkazilishi belgilangan. SHHT sammiti 2026-yilning 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirlar sababli Qirg‘izistonda yangi o‘quv yili boshlanishi 15-sentyabrga ko‘chirilgan.
Avvalroq Sadir Japarov Rossiya Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘l loyihasiga qarshi bo‘lganini aytgani xabar qilingandi.

