“Qamchi prezident bo‘lardi, men esa dam olishga ketardim”: Japarov Tashiyev haqida gapirdi

**Japarov Tashiyev haqida: "Qamchi prezident bo‘lardi, men esa dam olishga ketardim"**
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yaqinda bergan intervyusida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyevni kelajakda davlat rahbari sifatida ko‘rganini maʼlum qildi. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u dastlab ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymasdan, Tashiyevni qoʻllab-quvvatlashni rejalashtirgan. U MXDQ sobiq raisi bilan 20 yildan ortiq vaqtdan beri oilaviy do‘st ekanligini taʼkidladi.
"2020-yilda ozodlikka chiqib, prezident bo‘lganimda uni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi etib tayinladim. Ha, besh yil yaxshi ishladi. Lekin bitta kamchiligi — do‘stlarini, sinfdoshlarini kuzata olmadi. U ishdan ketdi. Albatta, inson kamchiliksiz bo‘lmaydi. Inson ishlaganda, kamchiliklar boʻlmasligi mumkin emas. U mening do‘stim bo‘lib qoladi, lekin uni biror lavozimga tayinlash niyatim yo‘q", dedi Qirg‘iziston prezidenti jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida.
Japarovning aytishicha, prezidentlik muddati tugagach, u dam olishga chiqishni rejalashtirgan. 2027-yilgi saylovlarda esa Qamchibek Tashiyev ishtirok etishi mumkin edi.
"2027-yilda olti yillik prezidentlik muddatim tugagach, agar Qamchi tayyor bo‘lsa, prezidentlik sayloviga qayta chiqmayman, deb o‘ylagandim. Qamchi prezident bo‘lardi, men esa dam olishga ketardim. Shunday rejam bor edi. Bir yil oldin bu haqda unga o‘zim aytgan edim", dedi Qirg‘iziston prezidenti.
U Tashiyevga atrofdagilarga e’tiborli bo‘lib, saylovga tayyorgarlik ko‘rishini maslahat berganini ta’kidladi. Biroq keyinchalik, Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z qarorini o‘zgartirgan.
"Keyin qarasam, u tayyor emas. Xodimlari o‘zini risoladagidek tutmayapti, atrofidagi odamlar esa o‘ziga bino qo‘ygan. 75 oqsoqolning xati chiqqanda, parlamentni general tarafdorlariga ajrata boshlashganda, men uni chaqirib: “Bunday bo‘lmaydi. Odamlarni ikkiga ajratish mumkin emas... Shuning uchun xafa bo‘lma, seni lavozimingdan ozod qilaman, dedim", deya esladi Sadir Japarov.
U Qamchibek Tashiyevning mamlakatga qoʻshgan hissasini inkor etmasligini taʼkidladi.
"U dam olib, balki tahlil qilishi, qayerda xato qilganini tushunishi kerak. Men faqat u xatolar qildi, deyishdan yiroqman. Yoʻq, natijalar bor, mamlakatimiz muvaffaqiyatida uning hissasi juda katta", dedi Sadir Japarov.
Qirg‘iziston rahbari 2027-yilgi saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi.
"Men yana bir muddatga o‘z nomzodimni qo‘yish va ishni davom ettirish niyatidaman. Yana kim saylovda qatnashmoqchi bo‘lsa, o‘z nomzodini qo‘ysin. Hech kimni cheklamaymiz", dedi u.
Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027-yil 27-yanvarda bo‘lib o‘tishi kerak.
**"75 maktub"**
Fevral oyida 75 kishi prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh raisiga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llagandi. Murojaat mualliflari keyinchalik qo‘lga olinib, ayrimlariga jinoiy ish ochilgan. Mazkur maktub ortidan Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgandi. O‘shanda prezident Sadir Japarov do‘sti Tashiyevning "75 maktub"ga aloqadorligini tergov va sud aniqlashini aytgan.
29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda Qamchibek Tashiyev prokurorlarni ayblovdan voz kechishga chaqirgan. Advokatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, biroq prokuratura vakillari taklifga hech qanday munosabat bildirmagan, 2-iyul kuni esa sud hukm chiqargan. Unga mol-mulki musodara qilingan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan.
Shu bilan birga, sud Tashiyevga nisbatan uch yillik probatsiya nazoratini qo‘llagan. Shu tariqa, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi ozodlikdan mahrum etish jazosini amalda o‘tamaydi. 16-iyul kuni Tashiyev prezidentlik saylovlarida nomzodini qo‘ymasligi, Qirg‘izistonning amaldagi prezidentini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

