Ryanair rahbari Maskni “ahmoq” deb atadi va u bilan janjal kompaniyaga 40 mln dollarlik bepul reklama keltirganini aytdi
Ryanair o‘z samolyotlariga Starlink o‘rnatishdan bosh tortgach, aviakompaniya rahbari va Ilon Mask o‘rtasida janjal boshlangan. Ryanair esa bundan foydalanib, hatto “ahmoqlar uchun chiptalar chegirmasi”ni e’lon qilgan. Kompaniya rahbari yana Maskning jahlini chiqarishga tayyorligini bildirdi.

**Ryanair rahbari Maskni “ahmoq” dedi va u bilan kelishmovchilik kompaniyaga 40 mln dollarlik bepul reklama olib kelganini aytdi**
Irlandiyaning Ryanair aviakompaniyasi bosh direktori Maykl O’Liri Ilon Mask bilan yarashish niyati yo‘qligini bildirdi. Ularning mojarosi 2026-yil yanvarida Ryanair o‘z samolyotlariga Starlink internetini o‘rnatishdan bosh tortganidan keyin boshlangan. O’Lirining aytishicha, milliarder bilan tortishuv kompaniyaga 30–40 mln dollarlik bepul reklama keltirgan.
“Men u bilan yarashmoqchi emasman. U meni ahmoq deb hisoblaydi, men esa uning ahmoq ekanini bilaman”, — dedi O’Liri 2-noyabr kuni Bloomberg Television telekanaliga bergan intervyusida.
U mojaro davom etishidan mamnun bo‘lishini ham yashirmadi: “Agar uning jahlini qayta chiqara olsak, yanada yaxshi bo‘lardi”.
Bu gaplar Ryanair raqobatchisi — Britaniyaning EasyJet aviakompaniyasi SpaceX bilan samolyotlariga Starlink internetini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishganidan bir necha kun o‘tib aytildi. Bungacha British Airways, Lufthansa va Air France-KLM ham Maskning kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan edi.
### Janjal qanday boshlandi?
Mojaro yanvar o‘rtalarida O’Liri Ryanair nega Starlink’dan voz kechganini tushuntirgach boshlangan. Uning aytishicha, kompaniya SpaceX bilan bir yildan ortiq muzokara olib borgan, biroq oxir-oqibat tizimni o‘rnatish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas degan xulosaga kelgan.
O’Liriga ko‘ra, samolyot korpusiga o‘rnatiladigan antennalar havo qarshiligini oshirib, yoqilg‘i sarfini 1–2 foizga ko‘paytiradi. Ryanair hisob-kitobiga ko‘ra, bu yiliga qo‘shimcha 200–250 mln yevro xarajat keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, O’Liri ko‘pincha bir soat davom etadigan arzon reyslarda yo‘lovchilar internet uchun qo‘shimcha pul to‘lashiga shubha bildirgan. Uning fikricha, bu xizmatdan yo‘lovchilarning 10 foizdan kamrog‘i foydalanishi mumkin.
Mask esa Ryanair hisob-kitoblarini inkor etib, Starlink uskunalari yoqilg‘i sarfiga aviakompaniya aytgan darajada katta ta’sir ko‘rsatmasligini aytgan.
Shunga javoban O’Liri Irlandiyaning Newstalk radiosiga bergan intervyusida Mask aviatsiya va aerodinamikadan hech narsa tushunmasligini aytgan. U milliarderning o‘zini “ahmoq”, unga tegishli X ijtimoiy tarmog‘ini esa “chiqindixona” deb atagan.
Mask ham Ryanair rahbarini “o‘taketgan ahmoq” deb atab, uni ishdan bo‘shatishni talab qilgan.
### Maskka Ryanair’ni sotib olish taklif qilindi
O‘zaro haqoratlardan so‘ng X foydalanuvchilaridan biri Maskka Ryanair’ni sotib olib, O’Lirini ishdan bo‘shatishni maslahat bergan. Milliarder bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, aviakompaniya qancha turishini so‘ragan.
Keyin u obunachilari orasida Ryanair’ni sotib olish va uni kompaniya asoschisi Toni Rayan sharafiga Rayan familiyali kishiga topshirish haqida so‘rovnoma o‘tkazgan.
So‘rovnomada qariyb 948 ming kishi qatnashgan, ularning 76,5 foizi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq Mask aviakompaniyani sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif bermagan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi qonunchiligi ham bunga to‘sqinlik qilishi mumkin edi. Chunki YI aviakompaniyalarining asosiy ulushi ittifoq fuqarolari yoki davlatlariga tegishli bo‘lishi va ular nazoratida qolishi shart.
### Ryanair janjalni reklama vositasiga aylantirdi
Ryanair esa mojarodan o‘ziga xos reklama sifatida foydalandi. Kompaniya “Ahmoqlar uchun katta chegirma” nomli aksiya e’lon qilib, bir tomonga 16,99 yevrodan 100 mingta chipta sotuvga chiqardi.
Aviakompaniya ijtimoiy tarmoqlarda Mask ustidan hazil qilishni ham davom ettirdi. Masalan, X platformasida uzilish yuz berganida, Ryanair milliarderga Wi-Fi kerak emasmi, deb murojaat qilgan.
21-yanvar kungi matbuot anjumanida O’Liri Maskning haqoratlari uni umuman ranjitmaganini aytgan. U hatto o‘smir farzandlari ham uni muntazam ravishda “ahmoq” va “chidab bo‘lmas shimpanze” deb atashini hazil qilgan.
Ryanair vakillari Dublindagi X ofisiga borib, Maskka bepul parvoz uchun chipta topshirishga ham uringan. O’Lirining aytishicha, bir hafta ichida 49 ta mamlakatda mojaro haqida 1500 ga yaqin material e’lon qilingan. Natijada Ryanair saytiga tashriflar va aviachiptalar bronlari ko‘paygan.
Yanvar oxirida u bepul reklama qiymatini qariyb 50 mln yevroga baholagan edi. Noyabrda esa 30–40 mln dollar degan raqamni keltirdi. Har ikkala summa O’Lirining o‘z bahosi bo‘lib, mustaqil audit bilan tasdiqlanmagan.
Shunga qaramay, Ryanair rahbari kelajakda Starlink’dan foydalanish imkoniyatini butunlay istisno etmadi. U avvalroq tizim narxi arzonlashsa, kompaniya uni samolyotlariga o‘rnatishi mumkinligini aytgan.

