Ruminiya Rossiyaga boğliq diversiya tarmoğini aniqlaganini bildirdi
Ruminiya içki razvedka xizmati - SRI Rossiya maxsus xizmatlari muvofiqlaştirgani aytilayotgan diversiya tarmoği faoliyatini foş etganini maʼlum qildi. Idoraga köra, guruh sentabrda Braşov şahridagi Carfil qurol zavodiga öt qöyişga uringan. Gumondorlar orasida ikki belarus va bir ukrainalik bor.

Ruminiya Rossiyaga aloqador diversiya tarmog‘ini fosh qilganini ma’lum qildi
SRI 26-oktabr kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, zavodga o‘t qo‘yishga urinish 14-sentabrda yuz bergan. Ruminiya razvedkasi bu tarmoq Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan bevosita boshqarilganini da’vo qilmoqda.
Reuters keltirgan bayonotda aytilishicha, Rossiyadagi muvofiqlashtiruvchilar guruhga mintaqadagi nishonlarning keng ro‘yxatini bergan. Ular orasida davlat va xususiy qurol ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, harbiy va sanoat ahamiyatiga ega boshqa obyektlar bo‘lgan.
Agentlik Rossiyaning Buxarestdagi elchixonasidan tezkor izoh ololmagan. Moskva avval ham shunga o‘xshash ayblovlarni bir necha bor rad etgan.
Ikki gumondor Germaniyada ushlangan
Ruminiyaning Știri telekanali ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlarning ikki nafari Germaniyada shunga o‘xshash diversiyalarga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda qo‘lga olingan. Uchinchisi Polshada qidirilmoqda.
Buxarest ularni Ruminiyaga ekstraditsiya qilishga erishishga harakat qilmoqda.
Ruminiya tashqi ishlar vaziri Dan Nikolayesku Braşovdagi hodisani Yevropada mudofaa sanoatiga qarshi qaratilgan kengroq diversiya kampaniyasining bir qismi deb atagan, deb xabar berdi AFP.
Mamlakat prezidenti Nikuşor Dan ham avvalroq Ruminiyani Rossiya olib borayotgan gibrid urush nishonlaridan biri sifatida ta’riflagan. Uning fikricha, bunday harakatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarda vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan.
Yollash oddiy topshiriqlardan boshlanadi
SRI ma’lumotiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun ijrochilar odatda ijtimoiy tarmoqlar orqali yollanadi. Dastlab ularga pul evaziga bezarar ko‘rinadigan vazifalar — muayyan obyektni kuzatish yoki suratga olish taklif qilinadi.
Keyinchalik topshiriqlar og‘irlashib, vandalizm, o‘t qo‘yish yoki hatto qotillik kabi jinoyatlarni qamrab olishi mumkin, deyiladi razvedka bayonotida.
The Wall Street Journal 20-oktabrda AQSh maxsus xizmatlari xulosalari bilan tanish uch nafar yevropalik amaldorga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO davlatlariga qarshi diversiyalarni kuchaytirish haqida shaxsan topshiriq berganini yozgan edi.

