Dunyo

Ruminiya prezidentligiga sobiq nomzod qoʻlga olindi

Ruminiya prezidentligiga sobiq nomzod qoʻlga olindi

Ruminiyada 2024-yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etib, birinchi bosqichda g‘alaba qozongan sobiq nomzod Kelin Jorjesku qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jorjesku 1,1 million yevrolik firibgarlik ishi bo‘yicha gumon qilinib ushlangan. 2024-yilda Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Rossiya aralashuvi gumoni sabab u qatnashgan saylov natijalarini bekor qilgandi. Ruminiya matbuoti firibgarlik ishida Rossiyaning ham qo‘li borligini yozmoqda.

Antena3 CNN xabariga ko‘ra, Jorjesku 21-sentyabr kuni ertalab o‘z mashinasida basseynga ketayotgan paytda qo‘lga olingan.

Politsiyachilar uni tintuv o‘tkazish uchun uyiga olib borgan. Jorjesku ishi bilan bog‘liq tintuvlar unga tegishli beshta uyda o‘tkazilmoqda. Uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (DIICOT) bayonotiga ko‘ra, 2021-yilda Ruminiyaning ikki fuqarosi va italiyalik shaxs jinoiy guruh tuzgan. Ular ruminiyalik ishbilarmonlarga millionlab yevro miqdorida kredit olishni taklif qilgan, biroq buning evaziga garov puli so‘ragan.

Jabrlanuvchi firibgarlarga avval 6 million yevro kredit olish umidida 1 million yevro, keyinroq kredit miqdorini 15 million yevrogacha oshirish taklifidan so‘ng yana 100 ming yevro o‘tkazgan. DIICOT gumonlanuvchilar va jabrlanuvchining ismini oshkor qilmagan. Guruh rahbari 64 yoshli ruminiyalik ekani ta’kidlangan.

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ishda Jorjeskudan tashqari 47 yoshli ruminiyalik tadbirkor Ionel Rusen va 56 yoshli italiyalik Massimiliano Arena ham ishtirok etgan. Jabrlanuvchi esa ruminiyalik tadbirkor Razvan Leu hisoblanadi.

G4Media va Euronews Romania xabariga ko‘ra, tintuv vaqtida politsiya signalni bloklovchi qurilma hamda Kelin Jorjesku nomiga berilgan Malta ordenining qalbaki guvohnomasini topgan. Hujjatda Jorjesku senator sifatida ko‘rsatilgan. Malta ordenining Ruminiyadagi elchisi Roberto Musnechi esa Jorjesku ushbu orden a’zosi emasligini ma’lum qilgan.

G4Media va Digi24 manbalariga ko‘ra, tergovda Dominikada ro‘yxatdan o‘tgan Migom Bank nomi ham tilga olinmoqda. Bank hujjatlarda Shveysariya fuqarosi Tomas Skettiga tegishli bo‘lgan, ammo amalda uni Rossiya fuqarolari nazorat qilgan. Leu bayonot berib, 2024-yil yanvar oyida DIICOT tekshiruviga asos bo‘lgan ariza bilan murojaat qilganini tasdiqladi.

“Men buni bir sababga ko‘ra qildim: mashaqqatli mehnat bilan topilgan milliondan ortiq yevroni hech qachon amalga oshmagan moliyalashtirish va’dalari tufayli yo‘qotdim. Bir necha yil davomida men pulni tinch yo‘l bilan qaytarishga harakat qildim, lekin bunga erishmadim”, dedi u.

Tadbirkor uning harakatlarida siyosiy sabablar bo‘lmaganini ta’kidladi.

“Men kabi millionlab ruminlar, o‘zingiz ko‘rganingizdek, Kelin Jorjeskuga ishongan. Men Kelin Jorjesku va uning so‘zlariga to‘la ishonardim. Afsuski, bularning barchasi firibgarlik sxemasi, aldov bo‘lib chiqdi”, deya qo‘shimcha qildi Leu.

Buxarestdagi DIICOT binosi oldida sobiq prezidentlikka nomzodning bir necha yuz nafar tarafdori to‘plangan. Firibgarlik ishi Jorjeskuga qarshi birinchi jinoiy ish emas. U avval ham davlat to‘ntarishini uyushtirishga urinishda ayblangan. Kelin Jorjesku 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining birinchi turida kutilmaganda g‘alaba qozongan. Biroq Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi “Rossiya aralashuvi” tufayli ovoz berish natijalarini bekor qildi va Jorjeskuga saylovda qayta qatnashishiga ruxsat bermadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.