ROX Group Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida yirik loyihalarni amalga oshirishi mumkin
Vyetnamning ROX Group kompaniyasi Oʻzbekistonning bir yoʻla bir nechta hududlarida yangi loyihalarni koʻrib chiqmoqda. Buxoroda gap 85 gektardan ortiq maydonda qurilish ishlariga 2 milliard dollarlik investitsiya kiritish, Samarqandda — turistik majmua, Jizzax viloyatida esa — mehmonxonalar va sanoat zonasi haqida bormoqda.

ROX Group Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida yirik loyihalarni amalga oshirishi mumkin
ROX Group Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida yirik loyihalarni amalga oshirishi mumkin
Vyetnamning ROX Group kompaniyasi Oʻzbekistonning bir yoʻla bir nechta hududlarida yangi investitsiyaviy tashabbuslarni oʻrganmoqda. Bu haqda viloyatlar rahbarlari 11 sentyabr kuni kompaniya asoschisi An Tuan Channing Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi yakunlari boʻyicha maʼlum qilishdi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ROX Group Buxoro shahri va Buxoro tumanidagi 85 gektardan ortiq maydonda yirik obʼyektlar qurish loyihasini taqdim etganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollarga baholanmoqda. Ushbu mablagʻlar hisobiga zamonaviy koʻchmas mulk obʼyektlari, turar joylar, maktablar, bogʻlar va boshqa infratuzilmalarni qurish rejalashtirilgan.
«Dastlabki hisob-kitoblarimizga koʻra, ushbu obʼyektlarning qurilishi 5000−6000 ta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi, shuningdek, 50 mingdan ortiq fuqaroning uy-joy sharoitini yaxshilashga hissa qoʻshadi», — dedi Botir Zaripov.
Uning qoʻshimcha qilishicha, uchrashuv yakunlari boʻyicha Prezident loyihani amalga oshirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish yuzasidan topshiriq bergan.
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ROX Group Samarqanddagi turistik majmua yaqinidagi hududni kompleks rivojlantirish kontseptsiyasini taqdim etganini maʼlum qildi. Loyiha sayyohlar uchun qoʻshimcha mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish obʼyektlari, uy-joylar va boshqa infratuzilmalarni qurishni nazarda tutadi.
Hokimning soʻzlariga koʻra, Prezident kompaniya bilan birgalikda qisqa muddatda takliflar tayyorlash, qaror loyihasini ishlab chiqish va uni Prezident Administratsiyasiga kiritish boʻyicha topshiriq bergan.
Adiz Boboyev yangi majmua hududning turistik salohiyatini oshirishga va sayyohlarning Samarqandda qolish vaqtini uzaytirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari Bahrom Yusupov viloyat ham ROX Group kompaniyasiga bir qator loyihalarni taklif qilganini maʼlum qildi. Kompaniya vakillarining viloyatga tashrifi kutilmoqda.
Xususan, Arnasoy tumanida investorga koʻl yaqinida besh yulduzli mehmonxona qurishni taklif qilish rejalashtirilgan.
Zomin tumanida yana bir mehmonxona loyihasi, shuningdek, xalqaro investorlarni jalb qilgan holda sanoat ipotekasi asosida maydoni qariyb 600 gektar boʻlgan sanoat zonasini tashkil etish koʻrib chiqilmoqda.
Bahrom Yusupovning soʻzlariga koʻra, Jizzax viloyati kompaniyaga yangi uy-joylar qurish va industrial zonalarni rivojlantirish boʻyicha ham loyihalarni taklif qilgan.
Vyetnamning ROX Group kompaniyasi Toshkent shahrining Uchtepa tumanida qiymati qariyb 1,5 mlrd dollarlik yirik loyihani ham koʻrib chiqmoqda. 37 gektar maydonda ishbilarmonlik va koʻngilochar markazlar, uy-joylar va yangi infratuzilma qurish taklif etilmoqda. Kompaniya mamlakatda koʻchmas mulk, energetika va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish niyatida.

