Dunyo

Rossiyaning maʼlum qilishicha, Ukrainaning Moskva viloyatiga uyushtirgan «yappasiga» dronlar hujumi oqibatida ikki kishi halok boʻlgan

Xabarlarga koʻra, Moskvadagi neftni qayta ishlash zavodiga ham zarba berilgan va poytaxtdagi ikkita aeroportda parvozlar toʻxtatilgan.

Rossiya rasmiylariga koʻra, Ukrainaning Moskva viloyatiga uyushtirgan «yappasiga» dronlar hujumi oqibatida ikki kishi halok boʻldi

Ukrainaning Moskva viloyatiga tunda uyushtirgan «yappasiga» dronlar hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok boʻldi va yana olti kishi jarohatlandi, deb maʼlum qildi gubernator Andrey Vorobyov.

Vorobyovning soʻzlariga koʻra, 249 ta dron urib tushirilgan va bir nechta turar joy binolarida yongʻin chiqqan. Shuningdek, mahalliy omborxona ham yonib ketgan. Moskvada neftni qayta ishlash zavodiga shikast yetgan, ikkita aeroportda esa parvozlarga cheklovlar joriy etilgan.

Bundan oldinroq Ukraina rasmiysi shanba kuni Rossiyaning Kiyev va Sumi viloyatlariga uyushtirgan hujumlari oqibatida yetti kishi, jumladan ikki bola halok boʻlganini maʼlum qilgan edi.

Rossiya va Ukraina soʻnggi paytlarda bir-biriga zarba berishni kuchaytirib, energiya ishlab chiqaruvchi va transport infratuzilmalariga, shuningdek, yirik logistika markazlariga hujum qilmoqda.

Yakshanba kuni Telegram-kanalida qoldirgan postida Vorobyov Sofyinoda dron uch qavatli turar joy binosiga kelib urilishi oqibatida 44 yoshli ayol halok boʻlganini aytdi. Uning qoʻshimcha qilishicha, yana besh kishi, jumladan ikki bola jarohatlangan.

Orexovo-Zuyevo tumanida esa xususiy uyga zarba berilishi oqibatida keksa yoshli erkak halok boʻlgan, deb xabar berdi viloyat gubernatori.

Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva viloyati uzra tungi osmondagi portlashlar, shuningdek, yonayotgan omborxona aks etgani aytilayotgan videolar paydo boʻldi. Bi-bi-si ushbu tasvirlarning haqiqiyligini tasdiqlamagan.

Shu bilan birga, Moskva meri Sergey Sobyanin dron poytaxt xiyobonlaridan biri yaqinidagi binoga urilgani va neftni qayta ishlash zavodidagi inshootga shikast yetkazganini maʼlum qildi.

U bundan oldinroq Moskva tomon uchayotgan 152 ta dron urib tushirilganini aytgan edi.

Moskvaning eng yirik aeroporti boʻlmish «Sheremetyevo» yoʻlovchilarni «vaqtinchalik cheklovlar» haqida ogohlantirdi, poytaxtdagi «Vnukovo» aeroportida esa barcha uchish va qoʻnish parvozlari toʻxtatildi.

Ukrainada esa shanba kuni Rossiyaning Fastov shahriga (Kiyev viloyati) uyushtirgan hujumi oqibatida bir ona va uning ikki yosh farzandi — oʻgʻil va qiz bola halok boʻldi, deb xabar berdi Kiyev viloyati maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko.

U bir nechta xususiy uylarga ham shikast yetganini qoʻshimcha qildi.

Shimoli-sharqiy Sumi viloyatida esa Rossiya droni ular ketayotgan mashinaga kelib urilishi oqibatida toʻrt kishi halok boʻldi, deb maʼlum qildi mahalliy yuqori lavozimli mulozim Oleg Grigorov.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yilning fevralida Ukrainaga qarshi keng koʻlamli bosqinni boshlagan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.