Rossiyalik dissident Garri Kasparov AQSh uni hayotiga tahdid borligidan ogohlantirganini aytdi
"Putin hokimiyatda ekan, oilam va men haqiqiy xavfsizlikda boʻlmaymiz", deydi shaxmat boʻyicha sobiq jahon chempioni.

Rossiyalik dissident Garri Kasparov AQSh uni hayotiga tahdid borligidan ogohlantirganini aytdi
Garri Kasparov Rossiyada siyosiy muxolifat harakatlarini tashkil etish uchun 2005 yilda professional shaxmatni tark etgan edi
AQShda istiqomat qiluvchi, surgundagi rossiyalik muxolifatchi AQSh va Litva xavfsizlik xizmatlari uni hayoti xavf ostida ekanligidan ogohlantirganini aytdi.
Shaxmat boʻyicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov ehtiyot choralarini koʻrish tavsiya etilgan ikki dissidentdan biri boʻlganini va bu choralarni allaqachon koʻrib qoʻyganini maʼlum qildi.
Uning bu bayonoti shu oy boshida AQSh Adliya vazirligi tomonidan Kremlga aloqador tarmoqda ishlaydigan besh kishiga nisbatan ayblov xulosasi ochiqlanganidan keyin yangradi. Ular AQSh va boshqa mamlakatlarda hujumlar va qotilliklar uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblanmoqda, bunda asosiy nishon sifatida rossiyalik dissidentlar va qochqinlar koʻrsatilgan.
Kasparov oʻzining «The Next Move» nashrida yozishicha, unga va «Ozod Rossiya forumi» hammuassisi Ivan Tyutringa ularning bevosita nishon ekanligi aytilmagan, biroq ikkalasi ham xavfsizlik borasida ogohlantirilgan.
Ispaniyaning «El Mundo» gazetasi qoʻlga kiritgan maʼlumotlarga tayanib xabar berishicha, Kasparov va yana bir rossiyalik muxolifatchi Ilya Ponomarev yoz faslida AQSh rasmiylari tomonidan ushbu fitna haqida ogohlantirilgan.
Kasparovga yaqin manbalarga tayanib, gazeta u AQShga koʻchib oʻtganidan beri ilk bor shu yozda kuchaytirilgan himoya ostiga olinganini yozdi.
Kasparov alohida shunday deb yozdi: «Men toʻxtamayman va yashirinmayman, hatto buning iloji bor deb oʻylaganimda ham.
Oilam va men, toki [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Rossiyada hokimiyatda ekan, haqiqiy xavfsizlikda boʻlmaymiz — bu millionlab odamlarga tegishli vaziyatdir».
Kasparov 2005 yilda siyosat bilan shugʻullanish uchun professional shaxmatni tark etdi va 2013 yilda Rossiyadan qochib ketishdan oldin Putinga ochiqdan-ochiq qarshi chiqqan harakatlarga asos soldi.
Oʻshandan beri u ortga qaytmagan. Rossiya 2022 yilda Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishidan keyin uni «xorijiy agent» deb eʼlon qildi, keyinroq esa 2024 yilda terrorchilar va ekstremistlar roʻyxatiga qoʻshdi — u bu ikkala yorliqni ham rad etadi.
Xabarlarda aytilgan yana bir nishon — Ponomarev 2014 yilda Qrimning noqonuniy anneksiya qilinishiga qarshi ovoz bergan yagona Rossiya Davlat dumasi deputati boʻlgan va keyinroq Ukrainaga surgunga ketgan.
U «Moscow Times» nashriga ushbu fitna haqida ogohlantirilganini tasdiqlash yoki inkor etishdan bosh tortdi, biroq bu ayblovlar Rossiya tomonidan «eskalatsiyaning yangi darajasi» ekanini aytdi.
AQSh Adliya vazirligining bildirishicha, Rossiya razvedka xizmatlariga ishlaydigan shaxslar tarmogʻi kamida 2024 yildan beri faol boʻlib kelgan.
Unga koʻra, «RIS Network» deb ataluvchi ushbu tarmoq butun dunyo boʻylab rossiyalik dissidentlar va qochqinlarga qarshi hujumlar va qotilliklarni rejalashtirgan va amalga oshirgan.
Milliy xavfsizlik boʻyicha bosh prokuror yordamchisi Jon A. Eyzenbergning aytishicha, tarmoqning besh nafar aʼzosi «AQSh hududigacha yetib borgan global qotillik tarmogʻi tarkibida harakat qilib, Kreml topshirigʻiga binoan qotilliklarni amalga oshirish uchun AQSh fuqarolari va xorijliklarni yollashga uringanlikda» ayblanmoqda.
Fitnalarni tashkil qilganlikda ayblanayotgan besh kishi: Yuriy Xrameyev, Kirill Xrameyev, Oemis Romagoza Durruti, Yaydel Delgado Suares va Anxel Eduardo Kastrodir.
Adliya vazirligi beshala shaxs ham hanuz ozodlikda ekanini maʼlum qildi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayblov xulosasi ochiqlanganda, «biror bir ishonchli dalil» yoki «aniq faktlar»ni eshitmaguncha yoki koʻrmaguncha bu ayblovlarga izoh bermasligini aytdi.

