Dunyo

Rossiyada uzoq umr koʻrish laboratoriyasi ochildi

Putinning qizi Mariya Voronsova bu sohada 10–20 yil ichida keskin burilish boʻlishini bashorat qildi.

Rossiyada uzoq umr koʻrish laboratoriyasi ish boshladi

Rossiyaning «Skolkovo» (Moskva) boshqaruv maktabi huzuridagi Sogʻliqni saqlashni rivojlantirish markazi negizida uzoq umr koʻrish laboratoriyasi tashkil etildi.

«Vedomosti» nashrining yozishicha, bu yerda umr davomiyligining oshishi sogʻliqni saqlash tizimi, bozorlar, mehnat faoliyati va davlat siyosatiga qanday taʼsir qilishi oʻrganiladi. Tadqiqotlar natijasiga tayangan holda, olimlar keksalarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan boshqaruv yechimlarini taklif etadi.

MDU Tibbiyot ilmiy-taʼlim instituti direktori, Vladimir Putinning qizi Mariya Voronsova «Skolkovo»dagi forumda chiqish qilib, ilm-fan inson umrini «tabiatan berilgan 85–90 yoshlik salohiyat»dan ham uzoqroq choʻzish masalasida hali uncha ilgarilamaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, qarilikning kasallik sifatida tan olinmasligi tadqiqotchilar uchun toʻsiqlardan biri hisoblanadi, chunki tashxis qoʻyilmasa, dori vositalarining klinik sinovlarini oʻtkazib boʻlmaydi. Shu bilan birga, Voronsovaning taxminicha, 10–20 yildan keyin «oʻlim oldidagi umumbashariy qoʻrquv» sogʻliqni saqlash sohasi mutasaddilarini bu muammoni hal etishga undaydi.

2025-yilda Voronsova hujayralar yangilanishi va faol uzoq umr koʻrishni oʻrganish laboratoriyasi uchun Rossiya ilmiy jamgʻarmasidan 30 mln rubl miqdorida grant olgan edi.

2026-yil may oyida The Wall Street Journal Rossiya hukumati «Salomatlikni asrashning yangi texnologiyalari» milliy loyihasi doirasida qarishga qarshi kurashish boʻyicha 26 mlrd dollarlik keng koʻlamli dasturni — jumladan, aʼzolarni bioprinterda chop etish, mitti choʻchqalar ishtirokidagi ksenotransplantatsiya va gen terapiyasini — moliyalashtirayotgani haqida yozgan edi.

Xabarlarga koʻra, dasturga Putinga yaqin shaxslar: uning qizi, davlat genetik loyihalari uchun masʼul endokrinolog Mariya Voronsova hamda Kurchatov instituti rahbari, Putinning doʻsti, bankir Yuriy Kovalchukning akasi, fizik Mixail Kovalchuk bosh-qosh boʻlmoqda. Katta Kovalchukni Kremlning uzoq umr koʻrish dasturining gʻoyaviy meʼmori deb atashadi: uning aytishicha, ilm-fan yaqin orada inson tana aʼzolarini «cheksiz taʼmirlash va almashtirish» imkonini beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.