Rossiyada 12 ta mashina bilan toʻqnashib, uch kishining oʻlimiga sabab boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi qamaldi

Rossiyada 12 ta mashina bilan to‘qnashib, uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qamaldi
Rossiyada 12 ta mashina bilan to‘qnashib, uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan o‘zbekistonlik haydovchi 9 yilga koloniyaga hukm qilindi. Bu haqda Ufa shahrining tuman sudi hukmiga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.
28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. U ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lganlik (RF JK 264-moddasi 6-qismi “v” bandi) da aybdor deb topilgan. Hodisa 2025-yil oktyabr oyida yuz bergan. O‘zbekistonlik erkak Shacman rusumli yuk samosvalini tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasdan boshqargan.
U tashilayotgan yuk og‘irligini belgilangan me’yordan oshirgan, transport vositasining holatini, yo‘l sharoitini hisobga olmagan va tezlikni oshirib haydagan.
Natijada yuk mashinasi boshqaruvdan chiqib, Ufa shossesi va Chudskaya ko‘chalarining tartibga solinadigan chorrahasiga yaqinlashganda 12 ta avtomobil bilan to‘qnashgan. Ommaviy avariya oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohati olgan.
Sud o‘zbekistonlik erkakka jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin avtomobil boshqarishni uch yilga taqiqladi.

