Omskdagi yong‘in oqibatida ikki o‘zbekistonlik jabrlandi
Dastlabki rasmiy xabarlarda qurilayotgan ko‘p qavatli binoda yong‘in chiqishi oqibatida jabrlangan 11 kishining barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgandi. O‘zbekiston TIV bu ma’lumotni rad etdi.

Omskda sodir bo‘lgan yong‘inda ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlandi
Rossiyaning Omsk shahrida 15-avgust kuni qurilayotgan binoda yuz bergan yong‘in natijasida 11 kishi jarohatlanib, kasalxonaga yotqizildi.
Dastlab Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Omsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi jabrlanganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekanligini ma’lum qilgan edi. Biroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Kun.uz’ga bergan izohida bu ma’lumotni inkor etib, jabrlanganlardan faqat ikki nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanligini tasdiqladi.
Jabrlanganlarning barchasi ko‘p qavatli bino qurilishida ishlayotgan quruvchilar bo‘lgan.
Mahalliy manbalarning xabar berishicha, yong‘inga payvandlash ishlari vaqtida uchqunning isitgichga tushishi sabab bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘t o‘chiruvchilari 1000 kvadrat metr maydonni qamrab olgan yong‘inni o‘chirish uchun bir soatdan ortiq vaqt sarflashgan. Ular 5 kishini qutqarib, turli darajadagi tan jarohatlari olgan 11 kishini mahalliy shifoxonaga olib borishgan.
Keyinchalik ulardan uch nafari shifoxonadan chiqarilgan, qolgan sakkiz nafari esa og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Ularda tananing 20 foizdan 90 foizigacha kuyish holatlari qayd etilgan.

