Rossiya Zaporijjyaga aviabombalar yoğdirdi, KXDR kripto öğirlikni rad etdi – kun dayjesti
Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Rossiya Zaporijjyaga aviabombalar yog‘dirdi, KXDR kripto o‘g‘irlikni rad etdi – kun dayjesti
AQŞ prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlashdan oldin Tehron bilan kelishuvga erishish mumkinligini aytdi.
Reuters’ning yozishicha, so‘nggi haftalarda Tramp oraliq saylovlardan keyin Eronga hujumlar qayta boshlanishiga ishora qilib kelayotgandi. Biroq 2-noyabr kuni Vashingtonda jurnalistlar undan saylovdan keyin Eronga zarba berishni rejalashtiryaptimi, deb so‘radi. Tramp bunga «yo‘q» deb javob berdi.
Eron bilan urush AQŞda benzin narxi oshishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib, bu saylovchilarga og‘ir ta’sir qilmoqda. Shu bois Tramp mojaroni tugatish borasida bosim ostida qolgan.
Eron muzokarachilari 1-noyabr kuni ketma-ket uchinchi kun Dohada qatarlik vositachilar bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokara olib bordi. Tramp Eron kelishuvni istayotganiga ishonishini va bunday kelishuvga erishish mumkinligini aytdi. Vitse-prezident J.D. Vens ham eronliklar bilan bir nechta yaxshi suhbat bo‘lganini ma’lum qildi.
Oq uy rahbari Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi asosiy talab ekanini yana bir bor ta’kidladi. «Biz Eronning hech qachon yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz va ular buni tushunishadi», dedi Tramp. Amerika yetakchisi, shuningdek, so‘nggi paytlarda janglar deyarli bo‘lmaganini aytib, amaliyotni aslida urush emas, deb da’vo qildi.
Eron tomoni Trampning gaplariga izoh bermadi. Avvalroq ular, agar AQŞ harbiy amaliyotlarni qayta boshlasa, javob zarbalarining geografiyasi kengayishi va yanada halokatli bo‘lishidan ogohlantirgandi.
Rossiya 2-noyabr kuni Zaporijjya viloyatida gumanitar yordam tarqatiladigan joyga aviabombalar bilan zarba berdi. Hujum oqibatida kamida 26 kishi o‘ldirildi, 5 kishi jarohat oldi.
BBC’ning Ukraina rasmiylariga tayanib yozishicha, Komishuvaxa qishlog‘iga kamida 9 ta uch tonnalik aviabomba tashlangan. Dastlab 27 kishi bedarak yo‘qolgani xabar qilingandi. Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, o‘ldirilganlar orasida 2 nafar qutqaruvchi va 4 nafar politsiyachi ham bor.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, avval gumanitar maqsadlarda foydalaniladigan mahalliy maktabga zarba berilgan. Shundan so‘ng odamlar yashiringan joyga ikkinchi hujum uyushtirilgan. Zelenskiy qishloqda qolgan aholi har hafta shu yerda gumanitar yordam olishini, rossiyaliklar buni bilmasligi mumkin emasligini aytdi.

