Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qildi
25-avgustga oʻtar kechasi Rossiya Ukrainaga raketa, boshqariladigan aviabombalar va uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan hujum qildi. Ukraina mahalliy hokimiyatlari maʼlumotlariga koʻra, Zaporijjya va Xarkivda jami uch kishi halok boʻlgan, Kiyevda esa bir ayol jabrlangan. Shuningdek, Moldova bilan chegaradagi nazorat-oʻtkazish punkti va Xersondagi Qizil Xoch omboriga zarba berilgani xabar qilindi.

Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qildi.
Zaporijjya viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Ivan Fedorovning xabar berishicha, 25-avgust kuni erta tongda Zaporijjyaga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berilgan. Bu hujum oqibatida ikki kishi halok boʻlgan. Hujum natijasida avtomobil yoʻlining qatnov qismiga zarar yetgan va ochiq hududda yongʻin chiqqan. Bundan avval, 24-avgust kechqurun shaharga dronlar bilan hujum qilingan boʻlib, koʻp qavatli uyga zarar yetgan va xonadonlardan birida yongʻin chiqqan.
Xarkovda esa raketa zarbasi oqibatida bir kishi hayotdan koʻz yumgan. Shahar meri Igor Terexovning soʻzlariga koʻra, zarba Xarkiv janubidagi Osnovyanskiy tumani sanoat hududiga berilgan. Shuningdek, Xarkivning Kiyevskiy tumaniga ham uchuvchisiz qurilmalar bilan hujum uyushtirilgani maʼlum qilindi.
Kiyevning Goloseyevskiy tumanida dron parchalarining 16 qavatli turar joy binosiga tushishi natijasida devorlar shikastlangan va derazalar singan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, bir ayol jabrlangan.
Dnepr shahrida ham zarbalar qayd etilgan. Ukraina OAVning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, yirik "Karavan" savdo-koʻngilochar markazi yaqinida zarba tushgan va yongʻin chiqqan.
Chernixiv viloyatining Koryukovskiy tumanida esa korxonalardan biri hujumga uchragan. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati maʼlumotlariga koʻra, natijada 3 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda yongʻin yuzaga kelgan. Yoʻl va oʻrmon xoʻjaligi obyektlari, shuningdek, xususiy korxonalar hududida ham yongʻinlar qayd etilgan. Ular oʻchirilgan, jabrlanganlar haqida maʼlumot berilmagan.
**Moldova chegarasidagi nazorat punktiga zarba**
Ukraina Davlat chegara xizmati Moldova bilan chegaradagi nazorat-oʻtkazish punktlaridan biriga yana hujum qilinganini maʼlum qildi. Xabarga koʻra, Shahed dronlari "Vinogradovka" avtomobil nazorat-oʻtkazish punktiga zarba bergan. Oqibatda u yerda yongʻin chiqqan va punkt faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. Fuqarolar boshqa nazorat-oʻtkazish punktlariga yoʻnaltirilishi aytilgan.
**Qizil Xochning gumanitar ombori ham zarar koʻrdi**
24-avgust kechqurun Qizil Xoch matbuot xizmati Xersondagi tashkilot omboriga Rossiya dronlari bilan hujum qilinganini bildirdi.

