Rossiya xorijga ketgan fuqarolari uçun çeklovlar reyestrini işga tuşirdi
Rossiya adliya vazirligi «vaqtinçalik çeklov çoralari» qöllanadigan fuqarolarning oçiq reyestrini işga tuşirdi. 23-oktabr oqşomida röyxatga xorijga ketgan 12 kişi, jumladan, Mixail Xodorkovskiy, Yekaterina Şulman va Yevgeniy Çiçvarkin kiritilgan.

Rossiya xorijga ketgan fuqarolar uchun cheklovlar reyestrini ishga tushirdi
DW xabariga ko‘ra, reyestrga YuKOSning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy, siyosatshunos Yekaterina Shulman va tadbirkor Yevgeniy Chichvarkin bilan birga, homiy Boris Zimin, muxolifatchi siyosatchi Vladimir Milov, advokat Mark Feygin, siyosatchi Leonid Gozman hamda jurnalist Maykl Naki ham kiritilgan.
Shuningdek, huquq himoyachisi Anastasiya Burakova, sobiq munitsipal deputat Yelena Kotyonochkina, «Ochiq Rossiya» harakatining sobiq faoli Anastasiya Shevchenko va Aleksey Nesterenko ham ro‘yxatga qo‘shilgan.
Reyestrda ularning tug‘ilgan sanasi va joyi, soliq to‘lovchi raqami, shaxsiy sug‘urta hisob raqami hamda cheklov qo‘llash asoslari ko‘rsatilgan.
«Vaqtinchalik cheklov choralari» qatoriga, jumladan, quyidagilar kiradi:
- Rossiya ichida davlat xizmatlari va xorijda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishni rad etish, shu jumladan, xorijga chiqish pasporti yoki ishonchnoma rasmiylashtirmaslik;
- kredit va qarz bermaslik;
- ko‘chmas mulk yoki transport vositalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash;
- yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlash;
- bank hisoblarini bloklash va bank ilovalaridan foydalanish imkoniyatini cheklash.
Xabarda qayd etilishicha, choralar xorijga ketgan, ma’muriy ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan yoki Jinoyat kodeksining moddalari bo‘yicha sudlangan Rossiya fuqarolariga qaratilgan. Ular orasida Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish», «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, «nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etish va mamlakat hududiy yaxlitligini buzishga ochiq chaqiriqlar bilan bog‘liq ishlar ham bor.
Tegishli qonun loyihalari Davlat dumasida 2025-yil dekabrida birinchi o‘qishda, 2026-yil iyulida esa ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilingan. Avgustda ularni prezident imzolagan.
«Pervyy otdel» huquq himoyasi tashkiloti bu choralarni emigratsiyadagi rossiyaliklarni amalda fuqarolik huquqlaridan mahrum qilishga tenglashtirgan. «Meduza» nashri esa reyestrga kiritilish oqibatlarini amalda «fuqarolik o‘limi» deb baholagan.

