Rossiyada rus tilini bilmaydigan mehnat migrantlarini Arktikaga yuborish taklif etildi
Rossiya Ichki ishlar vazirligi Uzoq Sharq, Arktika va boshqa ilgʻor rivojlanish hududlarida ishlaydigan xorijliklarni rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik boʻyicha imtihondan ozod qilishni taklif etdi.

Rossiyada rus tilini bilmaydigan mehnat migrantlarini Arktikaga yuborish taklif qilindi
Rossiya Ichki ishlar vazirligi ilgʻor rivojlanish hududlarida (IRH) ishlayotgan xorijiy xodimlarni rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari boʻyicha imtihondan ozod etishni taklif qildi.
Bu, jumladan, Uzoq Sharq va Arktikadagi hududlarga ham taalluqli. Tegishli qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida joylashtirildi.
Amaldagi tartibga koʻra, xorij fuqarolari ishlash uchun ruxsatnoma olishda odatda rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslarini bilishini imtihon orqali tasdiqlashi kerak. IIV ushbu talab boʻyicha mavjud istisnolarni IRH rezidenti boʻlgan korxona xodimlariga ham qoʻllashni taklif qilmoqda.
Iqtisodiy rivojlanish vazirligi maʼlumotiga koʻra, ilgʻor rivojlanish hududlari monoshaharlarda, yopiq maʼmuriy-hududiy tuzilmalarda, Uzoq Sharq va Arktika zonasida tashkil etiladi. Xususan, Uzoq Sharqda bunday hududlarning 16 tasi faoliyat yuritmoqda, yana ikkitasi Arktikada joylashgan.
Qonun loyihasida qayd etilishicha, taklif etilayotgan chora investitsiyalarni jalb qilishni yengillashtirishi va ushbu hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirishi kerak.
Avvalroq Rossiya hukumati rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslarini bilishini tasdiqlash talabidan istisnolar roʻyxatini kengaytirgan edi. 2025-yil may oyida hukumat Davlat dumasiga Vazirlar Mahkamasining maxsus kvotasi doirasida ishlashga ruxsat olgan chet elliklarni imtihondan ozod qilish haqidagi qonun loyihasini kiritgan. Iyul oyida ushbu hujjat yakuniy, uchinchi oʻqishda qabul qilindi.
Rossiyada qonuniy maqomga ega boʻlishni istagan chet elliklar uchun imtihonlar 2015-yildan beri oʻtkazib kelinadi. Ular uchta moduldan iborat: rus tili (chet tili sifatida), Rossiya tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslari. Imtihon uch darajali murakkablikka ega: eng osoni — mehnat patentini olish uchun, ikkinchisi — vaqtincha yashash ruxsatnomasini (RVP) rasmiylashtirish uchun, eng murakkabi boʻlgan uchinchisi esa yashash guvohnomasini (VNJ) olish uchun moʻljallangan.

