Dunyo

Rossiya Ukraina tomonida jang qilgan amerikalikni AQShga qaytardi

Ukraina mudofaasida ishtirok etgan Stiven Habbard asirlikka tushgach, qariyb yetti yil muddatga qamalgandi. Uitkoff bilan uchrashuvi arafasida Putin uni «Trampga hurmat yuzasidan» ozod qilib yubordi.

Rossiya Ukraina tomonida jang qilgan amerikalikni AQShga qaytardi

Vladimir Putin Rossiya sudi tomonidan yollanishda ayblanib qamalgan AQSH fuqarosi Stiven Habbardni ozod qildi.

Bu haqda Putin Sankt-Peterburgda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuv boshlanayotgan paytda maʼlum qildi. Rossiya prezidenti Habbard allaqachon Pulkovo aeroportida ekanini ham qoʻshimcha qildi. U Uitkoff bilan birga Osloga uchib ketishi kutilmoqda.

Rasmiy taʼrifga koʻra, Habbard «ezgu niyat belgisi sifatida» ozod etilgan.

Donald Tramp ham bu bir tomonlama qadam boʻlganini va Rossiya «prezident Trampga hurmat yuzasidan» buning evaziga hech narsa talab qilmaganini aytdi. AQSH prezidenti, shuningdek, ilgari Rossiyaga «darhol» sanksiyalar joriy etishni talab qilganlar endi «uzr soʻrab qoʻngʻiroq qilayotgani»ni qoʻshimcha qildi.

Moskva shahar sudi Habbardga oid hukmni 2024-yil oktabrida chiqargan edi.

Oʻsha paytda u 72 yoshda edi. Tergovchilarga koʻra, bu amerikalik 2014-yildan beri Ukrainada yashagan va 2022-yil fevralida Xarkiv oblastidagi hududiy mudofaa boʻlinmasiga qoʻshilgan. Bir oy oʻtib u rossiyalik harbiylar tomonidan asirga olinadi va yollanish moddasi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 359-moddasi 3-qismi) boʻyicha aybdor deb topiladi. Prokuratura uni yetti yilga ozodlikdan mahrum etishni soʻragan, sud esa olti yil-u oʻn oyga hukm qilgan. Ish ikki majlisda yopiq tartibda koʻrib chiqilgan. Rossiya rasmiylariga koʻra, amerikalik sudda aybini tan olgan. Shu bilan birga, Habbardning singlisi intervyusida u ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagani, rossiyaparast ekanini va qurol ishlatishni bilmasligini aytgan.

Asirlikda Habbard qiynoqqa solingan.

Rossiya asirligidan qaytgan va amerikalikka hukm eʼlon qilinishigacha u bilan bir xonada saqlangan ukrainalik sobiq mahbus Igor Chichkoning aytishicha, Habbard va u bilan birga oʻtirgan ukrainalik harbiylar kaltaklangan, kamsitilgan va ochlikka mahkum qilingan. «Hamma qatori uni ham muntazam ravishda kaltaklashardi. Uni tayoq va toʻqmoq bilan urishar, tepkilashardi. Itlarga talatishar, ovqat berishmas, yoʻlaklarda emaklashga majbur qilishardi», – degan u. Habbardning oʻzi Chichkoga elektr toki bilan ham qiynashganini aytib bergan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.