Rossiya qiynoqlarga qarshi Yevropa konvensiyasidan rasman chiqdi
Yevropa kengashi Rossiya 2022-yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri xalqaro inspektorlarni mamlakatdagi qamoqxonalarga kiritmaganini ma’lum qildi.

Rossiya qiynoqlarga qarshi Yevropa konvensiyasidan rasman chiqdi
Rossiya 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Qiynoqlar va g‘ayriinsoniy jazolarning oldini olish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasidan rasman chiqdi. Bu haqda Yevropa kengashi ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi Rossiyadagi qamoqxonalar, koloniyalar va boshqa ozodlikdan mahrum qilish joylarini tekshirish vakolatiga ega bo‘lmaydi. Yevropa kengashining ta’kidlashicha, aslida Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan paytdan boshlab bu tekshiruvlar to‘xtab qolgan.
Rossiya 2025-yil 30-oktyabrda konvensiyadan chiqishi haqida Yevropa kengashini xabardor qilgan. Hujjatning 22-moddasiga ko‘ra, bu qaror bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
Rossiya konvensiyaga 1998-yilda qo‘shilgan edi. Shu davr mobaynida Yevropa qo‘mitasi vakillari mamlakatga 30 marta borib, 450 dan ortiq qamoqxona va boshqa saqlash joylarini tekshirgan. Biroq Rossiya hukumati tekshiruvlar bo‘yicha faqat to‘rtta hisobotni e’lon qilishga ruxsat bergan. Jumladan, 2000–2017-yillarda Checheniston va Shimoliy Kavkazda o‘tkazilgan o‘nta tekshiruv natijalari oshkor etilmagan.
Yevropa kengashining bildirishicha, 2022-yil fevralidan beri qo‘mitaga Rossiya va Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi mahbuslarga nisbatan qiynoq hamda shafqatsiz muomala qo‘llangani haqida ko‘plab xabarlar kelib tushgan. Ammo Rossiya hukumati hamkorlik qilishdan bosh tortgani sababli xalqaro inspektorlar biror tekshiruv o‘tkaza olmagan. Ukraina esa qamoqxonalarga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishda davom etmoqda.
“Rossiyaning konvensiyadan chiqishi qo‘mitaning mamlakatdagi tekshiruv vakolatlari tugaganini anglatadi. Bu, shuningdek, Rossiyadagi ozodlikdan mahrum qilish joylari ustidan har qanday mustaqil nazorat to‘xtashini bildiradi”, — dedi qo‘mita raisi Alan Mitchell.
U mustaqil tekshiruvlar mahbuslarni qiynoq va shafqatsiz muomaladan himoya qilishning muhim vositalaridan biri ekanini ta’kidladi.
2025-yil sentyabrida Rossiya Davlat dumasi konvensiyadan chiqish to‘g‘risidagi qonunni bir ovozdan qabul qilgan, keyin uni Vladimir Putin imzolagan. Rossiya hukumati bu qarorni Yevropa kengashining kamsituvchi munosabati bilan izohlagan. Moskva Yevropa kengashi Rossiya vakilining qo‘mitaga saylanishiga to‘sqinlik qilganini bildirgan.

