Rossiya aktivlari Ukrainaga berilishi mumkin
Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi Rossiyaning Yevropada muzlatilgan davlat aktivlarini Ukrainaga tovon toʻlashga yoʻnaltirishni taklif qildi. Rezolyutsiyada kompensatsiya miqdori ehtimol yuzlab milliard yevroga yetishi mumkinligi aytilgan, ammo sud hali aniq summani belgilamagan.

Rossiya aktivlari Ukrainaga berilishi mumkin
DW xabariga ko‘ra, Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi — PASE 30-sentabr kuni Strasburgda shu mazmundagi rezolyutsiyani qabul qilgan.
Hujjatda Rossiyaga qarshi ikki davlatlararo ish bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlari asosida Ukrainaga kompensatsiya to‘lash uchun muzlatilgan aktivlardan foydalanishga chaqirilgan.
Assambleya Yevropa Kengashi shafeligida maxsus moliyalashtirish mexanizmini yaratishni tavsiya qilmoqda. Rossiyaning muzlatilgan aktivlari aynan shu mexanizmga o‘tkazilib, sud belgilaydigan tovonlarni to‘lashga sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Rezolyutsiyada Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Ukraina tashabbusi bilan ko‘rib chiqilgan ikki davlatlararo ishda Rossiyani inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun javobgar deb topgani eslatilgan.
Birinchi ish Rossiya anneksiya qilgan Qrimdagi okkupatsion ma’muriyat tomonidan inson huquqlarining buzilishiga taalluqli.
Ikkinchisi — «Ukraina va Niderlandiya Rossiyaga qarshi» ishi — Donbassda 2014-yildan boshlangan voqealar, jumladan, MH17 reysini bajarayotgan samolyotning urib tushirilishi hamda 2022-yil 24-fevralda boshlangan keng ko‘lamli bosqin bilan bog‘liq.
Hujjatga ko‘ra, sud har ikki ishda huquqbuzarliklarning xususiyati va ko‘lami Yevropa Kengashi tarixida misli ko‘rilmaganini qayd etgan. Rossiyaning harakatlari tashkilotning asosiy qadriyatlari va xalqaro huquqiy tartib asoslariga zid deb baholangan.
«Ushbu ikki davlatlararo ish bo‘yicha adolatli tovon miqdorini belgilash masalasi hali hal etilmagan bo‘lsa-da, Ukrainaga yetkazilgan zarar ko‘lamini hisobga olganda, tayinlanadigan summalar milliardlab, o‘nlab milliard yoki yuzlab milliard yevroga yetishi mumkin», — deyiladi rezolyutsiyada.
YEKPA deputatlari shu asosda Rossiyaning muzlatilgan davlat aktivlarini sud qarorlari bo‘yicha kompensatsiya to‘lashga yo‘naltirishni xalqaro huquqqa muvofiq «qonuniy qarshi chora» deb hisoblamoqda.
Rezolyutsiyada aytilishicha, Ukrainaning davlatlararo da’volari bo‘yicha kompensatsiyalardan tashqari, Rossiyaning sud qarorlari asosida to‘lashi kerak bo‘lgan qarzi kechiktirilgan to‘lovlar uchun foizlar bilan birga 3,3 mlrd yevrodan oshgan.

