Rossiya qamogʻidagi jurnalist ayollar Politkovskaya mukofotiga sazovor boʻldi
Anna Politkovskaya nomidagi 2026-yilgi mukofot Rossiyada va u egallab olgan hududlarda qamoqda saqlanayotgan ukrainalik hamda rossiyalik jurnalist ayollarga berildi. RAW in WAR xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti ularning urush va inson huquqlari buzilishini yoritishdagi jasoratini eʼtirof etdi.

Rossiya qamogʻidagi jurnalist ayollar Politkovskaya mukofotiga sazovor boʻldi
Mukofot hakamlar hayʼati qarorini 5-oktabr kuni Yevroparlamentda Anna Politkovskaya xotirasiga bagʻishlangan tadbirda BMTning Rossiyadagi inson huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Mariana Katsarova eʼlon qildi.
Katsarova Rossiya hukumatini qamoqda saqlanayotgan barcha ukrainalik va rossiyalik jurnalist ayollarni, shuningdek, tinch aholi vakillarini darhol va hech qanday shartsiz ozod qilishga chaqirdi.
RAW in WAR bu qaror orqali Rossiya qamoqxonalarida va bosib olingan hududlarda ushlab turilgan jurnalist ayollarning jasoratiga hurmat bildirayotganini maʼlum qildi. Tashkilotga koʻra, ular urushni yoritish, inson huquqlari buzilishi va harbiy jinoyatlar haqida xabar berish uchun erkinligi, hatto hayotini ham xavf ostiga qoʻygan.
Bayonotda Anna Politkovskaya oʻldirilganiga 20 yil toʻlayotgani ham qayd etildi. Huquq himoyachilarining aytishicha, jurnalist Rossiyaning Chechenistondagi «aksilterror operatsiyasi»ni ochiq tanqid qilgani, tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabat va jinoyatlarni qoralagani uchun oʻldirilgan. Tashkilot taʼkidlashicha, yigirma yil oʻtgan boʻlsa-da, qotillik buyurtmachilari hanuz sud oldida javob bermagan.
Mukofotga nomzodlarni koʻrsatish qoʻmitasi aʼzosi, Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich qamoqdagi jurnalistlarning ismlarini unutmaslikka chaqirdi.
«Ular endi qalam bilan yoza olmaganida, oʻz hayoti bilan reportaj yozmoqda», - dedi u.
Tashkilot bayonotida ukrainalik jurnalist Viktoriya Roshchinaning taqdiriga alohida eʼtibor qaratildi. U Mariupol qamali va Ukrainaning bosib olingan hududlarida tinch aholiga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni yoritgan. Roshchina 2023-yil avgustda qoʻlga olingan va 2024-yil sentabrda vafot etgan. RAW in WAR uning oʻlimiga qiynoqlar va shafqatsiz munosabat sabab boʻlganini bildirgan.
Laureatlar orasida Melitopoldan boʻlgan ukrainalik jurnalist Irina Levchenko ham bor. Tashkilot maʼlumotiga koʻra, u 2023-yilda turmush oʻrtogʻi bilan birga oʻgʻirlab ketilgan va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan. 2026-yil sentabrda esa Rossiyada «josuslik» ayblovi bilan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bayonotda ukrainalik jurnalistlar Anastasiya Gluxovskaya, Irina Danilovich hamda melitopollik bloger Yana Suvorovaning ismlari ham tilga olingan.

