Rossiya Kiyevdagi asosiy koʻprikka zarba berdi
Ukraina poytaxtini ikki qismga ajratib turuvchi Dnepr daryosi ustidan oʻtgan koʻprik yopilgach, shaharda ulkan tirbandliklar yuzaga kelgan.

Rossiyadan Kiyevdagi asosiy koʻprikka zarba berildi
Rossiya qoʻshinlari Kiyevga dronlar bilan hujum qilishni davom ettirmoqda. 1-oktabr kuni dronlardan biri Solomensk rayonidagi maktab binosiga borib urildi. Oʻsha paytda oʻquvchilar yertoʻladagi bombapanagohlarga tushib ulgurgan edi va hech kim jabrlanmadi.
Kunduzi RF harbiylari keng koʻlamli urush boshlanganidan beri ilk marta Kiyevdagi koʻpriklarni nishonga olib hujum boshladi. Kun davomida Janubiy koʻprikka uch marta zarba berildi — bu koʻprikdan avtomobillar bilan birga metro ham oʻtadi.
Portlash toʻlqini sabab shu vaqtda koʻprikdan oʻtayotgan poyezd vagonlariga ventilyatsiya orqali chang kirgan. Yoʻlovchilar zarar koʻrmadi, poyezd ham shikastlanmadi, biroq qoʻshimcha tekshiruv uchun depoga yuborildi.
Dastlab koʻprik orqali metro va avtobuslar qatnovi toʻxtatildi. Kiyev shahri harbiy maʼmuriyati maʼlumotiga koʻra, metro poyezdlari faqat «Sirets» va «Vidubichi» hamda «Osokorki» va «Krasniy xutor» stansiyalari orasidagi yer osti uchastkalari boʻylab harakatlanadi. Avtobus yoʻnalishlari vaqtincha oʻzgartirildi.
Mutaxassislar zarbalar oqibatida yetgan zararni aniqlash uchun koʻprikni tekshirmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, «koʻprik ustuni, yoʻl chetidagi toʻsiq, yoʻl qatlami va metropolitenning himoya beton qatlami shikastlangan».
2-oktabr tongida Patona koʻprigi boʻylab oʻng sohildan chap sohildagi yoʻnalishda, shuningdek Metro koʻprigida transport harakati cheklab qoʻyildi. Shu sabab shaharda katta tirbandliklar yuzaga keldi. 2-oktabr kuni kunduzi Patona koʻprigida ikki tomonlama harakat tiklandi, biroq hozircha unga faqat Mikola Mixnovskiy bulvari tomondan kirish mumkin. Kiyev mudofaa kengashi shoshilinch yigʻilish chaqirdi, unda shaharning chap va oʻng sohil qismlarini bogʻlovchi koʻpriklarda harakatni qanday tashkil etish masalasi muhokama qilinadi. Dnepr daryosida transport uchun yerosti oʻtish tunneli mavjud emas.

