Rossiya fregati Daniya harbiy vertolyotiga signal raketalari uchirdi

Rossiya fregati Daniya harbiy vertolyotiga signal raketalari uchirdi
14-sentyabr kuni Rossiya fregati Daniya Qurolli kuchlarining vertolyotiga signal raketalari bilan o‘q uzdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, vertolyot tomon ogohlantirish sifatida ikkita signal raketasi uchirilgan.
“Bugun Havo kuchlarining Fennec turidagi vertolyotlaridan biri Gedser qirg‘oqlari yaqinidagi xalqaro suvlarda bo‘lgan Rossiya fregatini rejali fotofiksatsiya qilish chog‘ida signal raketalari bilan o‘qqa tutildi”, deyiladi Daniya qurolli kuchlari bayonotida.
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen 15-sentyabr kuni bu holat mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.
“Shu munosabat bilan Rossiya elchisi hodisa yuzasidan suhbatlashish uchun chaqirtirildi... Rossiya o‘zi maqbul deb hisoblaydigan xatti-harakatlar chegarasini asta-sekin siljitib bormoqda. Biz bunga toqat qila olmaymiz”, dedi vazir.
Signal raketalari dengizda e’tiborni jalb qilish, joylashuvni bildirish yoki ogohlantirish uchun ishlatiladigan pirotexnika vositalaridir.
Eslatib o‘tamiz, 15-sentyabr kuni NATO qiruvchi samolyotlari Litva havo hududiga kirgan dronni urib tushirgan edi. U Belarusdan uchirilgani taxmin qilinmoqda. Litva Milliy inqirozlarni boshqarish markazi dron kimga tegishli ekanini hali aniqlamagan.

