Rossiya egallagan Oleşkidan aholi evakuatsiyasi yakunlandi
Ukrainaning Xerson viloyatidagi Oleşki şahrida gumanitar missiyaning evakuatsiya bosqiçi yakunlandi. Kiev nazoratidagi hududga borişni istaganlar Rossiya va Belarus orqali olib ötiladi.

Rossiya nazoratidagi Oleşkidan aholini ko‘chirish yakunlandi
DW xabariga ko‘ra, evakuatsiya tugaganini 30-oktabr oqshomida Rossiya ombudsmani Yana Lantratova ma’lum qilgan. Ukraina Oliy radasi deputati David Araxamiya ham buni tasdiqlagan.
Araxamiyaning aytishicha, Ukraina delegatsiyasi va Kiev nazoratidagi hududga ketishni istagan aholi Rossiyaning Anapa shahriga yo‘l olgan. U yerdan ular samolyotlarda Belarusga, keyin esa avtobuslarda Ukrainaga olib boriladi.
Evakuatsiya uchun jami 750 yo‘lovchiga mo‘ljallangan 25 ta avtobus, shuningdek, harakatlanishi cheklangan odamlar uchun tez yordam mashinalari tayyorlangan. Biroq AP agentligiga ko‘ra, Rossiya va Ukraina shahardan olib chiqilganlarning yakuniy sonini oshkor qilmagan.
Ukraina ombudsmani Dmitriy Lubinets AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp muvofiqlashtiruvida bunday gumanitar missiyalar davom etishiga umid bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya ombudsmani bilan hamkorlikda erishilgan kelishuvlar odamlarga amaliy yordam ko‘rsatish imkonini bergan.
Shaharda qolishni istagan aholiga ham oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur gumanitar yordam yetkazilgan.
Oleşki Dnipro daryosining Rossiya qo‘shinlari bosib olgan chap sohilida joylashgan. Keng ko‘lamli urush boshlanishidan avval shaharda qariyb 24 ming kishi yashagan. Evakuatsiya arafasida esa turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 1700–2000 nafar aholi qolgan.
2023-yil iyunida Kaxovka GESi to‘g‘oni vayron bo‘lgach, shaharning katta qismi suv ostida qolgan. So‘nggi oylarda oziq-ovqat, dori-darmon va ichimlik suvi tanqisligi aholining ahvolini yanada og‘irlashtirgan.

