Dunyo

Rossiya bir kunda ikkita Su-30 qiruvchisini yoʻqotgan boʻlishi mumkin

Rossiyaning Kaliningrad viloyatida Su-30 qiruvchi samolyoti qulab tushdi, uning ekipaji katapulta orqali chiqib, omon qoldi. Keyinroq rossiyalik harbiy blogerlar shu kuni yana bir Su-30 yoʻqotilgani va uning uchuvchilari halok boʻlgani haqida xabar tarqatdi. Ikkinchi hodisa rasman tasdiqlanmagan.

Rossiya bir kunda ikkita Su-30 qiruvchisini yoʻqotgan boʻlishi mumkin

DW maʼlumotiga koʻra, Rossiya Mudofaa vazirligi 21-oktabr kuni Kaliningrad viloyatida Su-30 halokatga uchraganini bildirgan. Vazirlik samolyot rejali oʻquv-mashgʻulot parvozini amalga oshirayotganini, bortida oʻq-dori boʻlmaganini va u odamlar yashamaydigan hududga qulab tushganini aytgan.

Rasmiy xabarda uchuvchilar katapulta orqali chiqishga ulgurgani va evakuatsiya qilingani qayd etilgan. Ularning hayotiga xavf yoʻq.

Keyinroq urush tarafdori rossiyalik bloger Kirill Fyodorov Telegram kanalida Su-30 suratini joylab, bir kunda ikkita samolyot yoʻqotilganiga ishora qilgan.

Rossiya Havo-kosmik kuchlari bilan bogʻliq Fighterbomber va «Voyevoda veshchayet» kanallari ham ikkinchi qiruvchi halokatga uchraganini anglatadigan xabarlar tarqatgan. Fighterbomber «Kulfat yolgʻiz kelmaydi», deb yozgan, ammo tafsilot bermagan. «Voyevoda veshchayet» esa bu kunni Havo-kosmik kuchlari uchun «nihoyatda ogʻir» deb atagan.

Blogerlar bergan maʼlumotga koʻra, ikkinchi samolyot ekipaji halok boʻlgan. Biroq xabar eʼlon qilingan vaqtda Rossiya Mudofaa vazirligi bu hodisa yuzasidan bayonot bermagan edi. Samolyot qayerda va qanday sharoitda yoʻqotilgani ham oshkor etilmagan.

Ukrainaning «Mіlіtarniy» portali gap Su-30SM modifikatsiyasi haqida ketayotgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan. Bu maʼlumot ham rasman tasdiqlanmagan.

Kaliningrad viloyatida Su-30 bilan bogʻliq halokat avval ham sodir boʻlgan. 2023-yil avgustida oʻquv parvozini bajarayotgan shu turdagi qiruvchi qulab, ekipaji halok boʻlgan edi.

DW Rossiya harbiy aviatsiyasining jangovar harakatlarga bogʻliq boʻlmagan boshqa yoʻqotishlarini ham eslatgan. Jumladan, Rossiya Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, 29-sentabr kuni Amur viloyatida oʻquv parvozi vaqtida Tu-95 strategik bombardimonchisi halokatga uchrab, olti nafar ekipaj aʼzosi halok boʻlgan, bir kishi jarohatlangan.

Shuningdek, 1-aprelga oʻtar kechasi vazirlik Rossiya anneksiya qilgan Qrimda An-26 harbiy-transport samolyoti qulaganini tan olgan. Oʻsha hodisada olti nafar ekipaj aʼzosi va 23 yoʻlovchi halok boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.