Rossiya Aleksandrovkaga toʻrtta aviabomba tashladi - besh kishi halok boʻldi
Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Aleksandrovka posyolkasiga Rossiya hujumi oqibatida kamida besh kishi halok boʻldi, yana olti kishi, jumladan, bir bola jarohatlandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, vayronalar ostida yana yetti kishi, shu jumladan, ikki nafar yosh bola qolgan boʻlishi mumkin.

Rossiya Aleksandrovkaga toʻrtta aviabomba tashladi, oqibatda besh kishi halok boʻldi
DW xabariga koʻra, Donetsk viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Vadim Filashkin 23-sentabr kuni Telegram orqali hujum oqibatlari haqida maʼlum qilgan.
Jarohatlanganlar orasida 2021-yilda tugʻilgan bola bor. Filashkin avvalgi xabarida vayronalar ostida qolgani aytilayotgan ikki bola 2024 va 2025-yillarda tugʻilganini bildirgan.
Aleksandrovkaga toʻrtta aviabomba tashlangan
Viloyat rahbarining maʼlumotiga koʻra, Rossiya kuchlari mahalliy vaqt bilan soat 10:00 atrofida Kramatorsk tumanidagi Aleksandrovkaga toʻrtta aviabomba tashlagan.
Zarbalar natijasida 12 ta koʻp kvartirali uy, 42 ta xususiy uy, maʼmuriy bino, bolalar bogʻchasi, doʻkon va yettita avtomobil zarar koʻrgan. Filashkin eʼlon qilgan suratlarda shikastlangan besh qavatli uy hamda hodisa joyidagi yongʻinlar aks etgan.
Donetsk viloyati politsiyasi maʼlumotiga koʻra, hujumda parvozni rejalash va yoʻnalishni tuzatish moduli bilan jihozlangan FAB-250 aviabombalaridan foydalanilgan.
Filashkin viloyatda qolayotgan aholini evakuatsiyani kechiktirmaslikka chaqirgan.
«Bolalaringizni asrang. Ularni xavfsizroq hududlarga olib chiqing», - deb yozgan u.
Xabar eʼlon qilingan paytda Aleksandrovkada qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgan boʻlgan.
Donetsk viloyati politsiyasi Rossiya kuchlari Kramatorskka kassetali oʻq-dorilar bilan ham zarba berganini maʼlum qilgan. Hujum soat 11:45 da sodir boʻlgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, «Uragan» reaktiv zalp oʻt ochish tizimi qoʻllanilgan.
Zarba oqibatida toʻqqiz kishi - toʻrt ayol va besh erkak jarohatlangan. Politsiya jabrlanganlarning yoshi 46 dan 74 gacha ekanini bildirgan.
Ayollardan biri ogʻir ahvolda boʻlib, uning shaxsi aniqlanayotgani aytilgan. Jabrlanganlarda portlashdan olingan jarohatlar, siniq parchalaridan yaralanish va suyak sinishlari qayd etilgan. Sakkizta xususiy uy ham shikastlangan.

