Rossiya Kiyev viloyatini bir sutkadan ortiq bombardimon qildi. To‘rt kishi halok bo‘ldi

Rossiya Kiyev viloyatini bir sutkadan ko‘proq vaqt davomida bombardimon qildi. To‘rt kishi halok bo‘ldi
Rossiya qo‘shinlarining Kiyev viloyatiga 24 soatdan ortiq davom etgan hujumlari natijasida beshta tumandagi 31 ta obyekt zarar ko‘rdi. Bu haqda viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Timur Tkachenko maʼlum qildi.
Uning aytishicha, zarbalar oqibatida to‘rt kishi — uch nafar bola va bir ayol halok bo‘lgan. Tkachenko qurbonlar aynan qaysi joyda qayd etilganiga aniqlik kiritmadi. Uning bayonotida 19-sentyabr kuni kechqurun Vishgorod tumaniga qilingan hujumda bir bola jarohatlangani ham qayd etilgan.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi esa Kiyev viloyatida uch kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, hujum oqibatida xususiy uy ham shikastlangan.
Tkachenko Fastiv tumani bir sutkadan ortiq davom etgan hujumlardan eng ko‘p zarar ko‘rganini bildirdi. Tumanda jami 24 ta obyekt, jumladan, turar joylar, sanoat va savdo binolari, qishloq xo‘jaligi korxonasi hududi hamda 17 ta transport vositasi shikastlangan.
Obuxiv, Brovari va Bucha tumanlari ham zarbalar ostida qolgan.
Avvalroq Rossiya tomoni Ukraina Moskva shahri va viloyatiga yirik dron hujumlarini amalga oshirgani haqida xabar bergandi. Hujumlar Rossiyada Davlat dumasi deputatlari saylovi o‘tkazilayotgan paytda uyushtirilgan.

