Respublika aerogeodeziya markazi binosi 213 mlrd sömga sotildi
Yunusoboddagi qariyb 1,14 gektar yer maydoniga ega obyekt auksionida sotildi - xaridor “UTKIR SHOP” MÇJ. Markaz sotuvdan keyin binodan yana bir yil bepul foydalanadi. Savdo şartlarida olti oyda töliq tölov qilgan xaridorga 25 foiz çegirma berilişi ham nazarda tutilgan.

Respublika aerogeodeziya markazi binosi 213 mlrd so‘mga sotildi
26-oktabr kuni E-auksion platformasida Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Respublika aerogeodeziya markazi binosini sotish bo‘yicha ochiq auksion yakunlandi. Boshlang‘ich narxi 157,8 mlrd so‘m etib belgilangan obyekt uchun ikki talabgor kurashgan. Savdolar yakunida “UTKIR SHOP” MChJ 213 mlrd so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topilgan. Yakuniy narx boshlang‘ich qiymatdan 55,2 mlrd so‘mga (qariyb 35 foiz) oshgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Lot ma’lumotlariga ko‘ra, bino va inshootlarning umumiy maydoni 9 975 kvadrat metrni tashkil etadi. Birgalikda foydalanishdagi yer uchastkasi 1,3352 gektar bo‘lib, sotilayotgan obyektga tegishli yer ulushi 1,1355 gektar deb ko‘rsatilgan.
Savdo shartlariga muvofiq, Respublika aerogeodeziya markazi sotuvdan keyin binodan bir yil davomida bepul foydalanadi. Ushbu muddat tugagach, obyekt xaridorga topshiriladi. Lotda investitsiya kiritish yoki ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq majburiyatlar ko‘rsatilmagan.
Lotda xaridorga to‘lovni bo‘lib amalga oshirish imkoniyati berilgan. Jumladan, uch oy davomida narxning 35 foizi to‘lansa, qolgan summani besh yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin. Olti oyda 50 foiz to‘langan taqdirda esa qolgan summa yetti yil davomida foizsiz to‘lanishi mumkin.
Shuningdek, olti oy ichida to‘liq to‘lov amalga oshirilsa, jami summaga nisbatan 25 foiz chegirma berilishi nazarda tutilgan.
Obyekt prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-son farmonida belgilangan davlat aktivlarini xususiylashtirishning yangi mexanizmlari doirasida savdoga chiqarilgan.

