Mahalliy

Reklamalarda davlat tili talablari bo‘yicha 4,5 mingta kamchilik aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi yil boshidan buyon 16 mingdan ortiq monitoring o‘tkazib, tashqi yozuvlar va reklamalarda davlat

Reklamalarda davlat tili talablari bo‘yicha 4,5 mingta kamchilik aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi respublika hududlarida tashqi yozuvlar, peshlavhalar, reklamalar va boshqa axborot matnlarining davlat tili qoidalariga mosligini o‘rgandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan 16 057 ta monitoring yakuniga ko‘ra, 4 496 ta holatda turli kamchiliklar aniqlandi. Ularni bartaraf etish choralari ko‘rilib, matnlarni davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish ta’minlandi.

2 344 ta holatda peshlavhalar, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlar matni boshqa tillarda berilgan. 975 ta holatda esa tashqi reklama matnlarida boshqa tillardan foydalanilgan.

Shuningdek, peshlavhalar, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlardagi 841 ta holatda, tashqi reklama vositalaridagi 336 ta holatda so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi buzilgani va imloviy xatolar borligi aniqlandi.

Qo‘mita o‘rganishlari davomida go‘zallik salonlari, avtoservislar hamda qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga reklamani joylashtirishda davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmuni belgilangan talablarga rioya qilingan holda boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin.

Shu bilan birga, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan boshqa belgilarning asl shakli hamda tili saqlanishi lozim.

Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni tashqi reklama, peshlavha va axborot ko‘rsatkichlarini joylashtirishda davlat tili hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishga chaqirdi. Qo‘mita bu yo‘nalishdagi monitoring ishlarini davom ettirmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.