Rejissyor Mariya Musakova prezident farmoniga binoan "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi

Rejissyor Mariya Musakova Prezident farmoniga koʻra "Kelajak bunyodkori" medali bilan mukofotlandi
Oʻzbekiston Prezidenti "Fokus" kino va teatr maktabi asoschisi, kinorejissyor Mariya Zulfixarovna Musakovani "Kelajak bunyodkori" medali bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.
U ushbu yuksak davlat mukofotiga milliy kinematografiyani rivojlantirish va milliy kino sanʼatini jahon maydonida targʻib qilishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun sazovor boʻldi.
Hujjatda "Golosa" ("Ovozlar") hujjatli filmining AQSh, Germaniya va Pokistondagi nufuzli xalqaro kinofestivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagani alohida taʼkidlangan.
Rejissyor, shuningdek, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish hamda oʻsib kelayotgan avlodni milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faol mehnati uchun ham eʼtirof etilgan.

